Navoiyda ekologik qonunlarni buzgan 22 ta korxona faoliyati to‘xtatildi

eʼlon qilindi
Ularga 10 kunlik muhlat berildi
Navoiyda ekologik qonunlarni buzgan 22 ta korxona faoliyati to‘xtatildi / Foto: Navoiy

Ekologiya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Navoiy shahrida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida ekologik qonunchilik talablariga rioya etmagan 22 ta korxonaning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur korxonalar orasida kimyo, qurilish, metall eritish va chiqindi yoqish bilan shug‘ullanuvchi obyektlar bor.

O‘rganishlar davomida ayrim korxonalarda atmosfera havosiga me’yordan ortiq zararli modda chiqarilgan, chiqindilar tartibsiz tashlangan va ekologik ekspertiza xulosasisiz faoliyat yuritilgani aniqlangan. Shu bois ularga 10 kunlik muhlat berildi. Belgilangan talablar bajarilmasa, ularning faoliyati sud orqali butunlay to‘xtatiladi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, tekshiruvlar davom etadi va har bir korxona bo‘yicha ekologik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Ekologiya vazirligi qonunbuzarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, 1-avgustdan ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori oshadi.

Shuningdek