
Saudiya Arabistonining Riyod shahrida o‘tayotgan Esports World Cup Chess musobaqasida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov musobaqani chorak final bosqichida yakunladi.
Ma’lum qilinishicha, grossmeyster mazkur bosqichda Fransiya vakili Alireza Firuzjaga qarshi dona surdi. Birinchi partiyada vaqt tugashi tufayli imkoniyat boy berildi, ikkinchisida esa Nodirbek qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi.
Shunday qilib, Firuzja yarim finalga yo‘l olgan bo‘lsa, Abdusattorov 5 – 8-o‘rinlar qatoridan joy oldi va $90 ming pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ushbu nufuzli turnirda yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov ham ishtirok etgan, biroq guruh bosqichida ikki mag‘lubiyat tufayli musobaqani erta tark etgandi.
Esports World Cup Chess musobaqasining umumiy sovrin jamg‘armasi $1,5 millionni tashkil etadi. G‘olib $250 ming, ikkinchi o‘rin egasi $180 ming, yarim finalchilarga esa $125 mingdan mukofot beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIDE Grand Swiss shaxmat musobaqasi ilk bor Samarqandda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.