Yangiliklar

Parklardagi nosoz attraksionlar ustidan onlayn shikoyat qilish imkoni yaratildi

Attraksion nazorati nomli mobil ilovasi bilan
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston fuqarolariga istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlardagi nosoz yoki xavfli attraksionlar haqida bevosita mobil ilova orqali xabar bera olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Attraksion nazorati nomli mobil ilova ayni damda Android qurilmalari uchun bepul yuklab olish mumkin. Ilova yordamida texnik nosoz yoki shubhali attraksionlar joylashgan viloyat, tuman va bog‘ nomini tanlab, onlayn murojaat yuborish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, yuborilgan murojaat holatini, ko‘rib chiqilayotganmi yoki hal etilganini ilova ichida kuzatib borish mumkin.

Ilovadan foydalanish uchun foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Murojaat yuborish jarayoni oddiy bo‘lib, istalgan fuqaro attraksion xavfsizligiga oid muammolarni tez va qulay shaklda tegishli idoralarga yetkazishi mumkin.

Qo‘mita, shuningdek, murojaatlar uchun (71) 203-02-39 raqamli ishonch telefoni orqali ham bog‘lanish mumkinligini eslatdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya Arabistonida attraksion qulab tushdi: kamida 23 kishi jarohat olgani haqida yozgandi.