
Xorijiy fuqarolar uchun yagona mehnat patenti narxi olti ming rubldan (940 ming so‘m) sakkiz ming rublga (1,3 mln so‘m) oshirilmoqda. Bu haqda Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko ma’lum qildi.
«Hududlar yagona mehnat bozori konsepsiyasida ishlaydi. Rejaga ko‘ra, xorijliklar uchun yagona mehnat patenti narxi sakkiz ming rubl bo‘ladi», — deydi Drozdenko o‘zining Telegram kanalida.
«RBK» nashrining yozishicha, 1-sentabrdan boshlab migrantlar yagona mehnat patenti asosida ikkita hudud — Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida qonuniy ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Bu huquq Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan «Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi federal qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan. Ushbu yangi tartib faqat to‘rt subyektga — Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati, Moskva va Moskva viloyatiga taalluqli bo‘ladi.
Yagona patent joriy etilishi zaruratini qonun mualliflari shunday izohlaydi:
«Hozirda obyektlari ikki hududda joylashgan kompaniyalar xorijlik xodimlar uchun qo‘shni hududda ham alohida patent rasmiylashtirishga majbur bo‘lmoqda yoki bir vaqtning o‘zida ikkita patent olishi kerak bo‘ladi. Yagona patent esa bu ortiqcha vaqt va xarajatlardan xalos etadi».
Bundan avval Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov 2025-yil oxirigacha patent asosida ishlayotgan muhojirlarga taksi haydashni taqiqlagandi.
Bunda ish beruvchilarga uch oy vaqt beriladi. Shu davr ichida ular hozir ishlayotgan muhojir haydovchilar bilan amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlashi va o‘rniga yangi haydovchilarni (Rossiya fuqarolarini) ishga qabul qilishi mumkin.