Talabalar turar joylariga arizalar qabuli boshlandi

Bugun, 1-avgustdan Oliy ta’lim muassasalari talabalariga mo‘ljallangan turar joylarga joylashish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Arizalarni yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali yuborish mumkin.
Dastlab imtiyozli va ustuvor mezonlarga ega talabalar yotoqxona bilan ta’minlanadi. Shundan keyin umumiy ro‘yxat asosida qolgan talabalar uchun mavjud o‘rinlar taqsimlanadi.
Ya’ni yotoqxonalardagi o‘rinlar quyidagicha ajratiladi:
- 1-kurs talabalari uchun 55 – 65 foiz;
- 2-kurs talabalari uchun 15 – 20 foiz;
- 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalari uchun 20 – 25 foizgacha.
Ariza topshirish muddati cheklanmagan bo‘lib, butun o‘quv yili davomida ochiq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2025/2026-o‘quv yili uchun OTMga 1-bosqichga qabul qilingan abituriyentlar esa test natijalari e’lon qilingach, ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular uchun ham o‘rinlar yuqoridagi mezonlarga muvofiq belgilanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun onlayn arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.