Yangiliklar

Telegram messenjerida bir qator funksiyalar ishga tushirildi

Barcha foydalanuvchilar uchun
Foto: Sora sun’in intellektida tayyorlandi

Telegram foydalanuvchilari uchun navbatdagi katta yangilanishni taqdim etdi. Endi messenjerda global ommaviy postlar qidiruvi, hikoyalarni albomlarga saralash, hadyalarni kolleksiyalarga tartiblash va zamonaviy botlarni boshqarish tizimi kabi qulay funksiyalar paydo bo‘ldi.

Postlarni butun Telegram bo‘ylab izlash mumkin

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/08/f07a35c9d175bdff70.mp4
Video: Telegram

Telegram Premium foydalanuvchilari endi ommaviy kanallardagi postlarni global tarzda izlay olishadi. Qidiruv oynasiga «Postlar» bo‘limi qo‘shilib, turli mavzulardagi e’lonlarni tezkor va xavfsiz tarzda topish imkoniyati yaratilgan.

Hikoyalarni albomlarga birlashtirish imkoniyati

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/08/e3785c56dc5c113545.mp4
Video: Telegram

Foydalanuvchilar o‘z profillarida sayohatlar, kundalik voqealar yoki maxsus suratlarni mavzular bo‘yicha albom shaklida jamlay oladi. Mazkur imkoniyat blogerlar va bizneslar uchun ham ayni muddao – ular mahsulotlar yoki kontentlarni osonlikcha guruhlab, auditoriyaga qulay tarzda taqdim etishlari mumkin.

Hadya kolleksiyalari yaratish osonlashdi

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/08/7d7f4e30d7dee3a9d7.mp4
Video: Telegram

Telegram’dagi hadyalarni endi maxsus kolleksiyalarga ajratish mumkin bo‘ladi. Foydalanuvchi ularni mavzu yoki dizayn xususiyatlariga qarab saralaydi. Har bir hadya bir nechta kolleksiyada bo‘lishi mumkin. Bu esa dizayn ixlosmandlariga kerakli obyektlarni tez topish imkonini beradi.

Profil reytingi

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/08/edbacf4756dae3ae8e.mp4
Video: Telegram

Telegram endi foydalanuvchilarning faoliyatini raqamli reyting orqali baholaydi. Bu reyting Telegram yulduzlari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarga asoslanadi va foydalanuvchining ishonchliligi hamda faol darajasini ko‘rsatadi.

Premium hadyalar

Foto: Telegram

Endilikda Telegram faqat Premium foydalanuvchilarga taqdim etiladigan yangi turdagi hadyalarni ham joriy qilmoqda. Bu maxsus dizayndagi hadyalarni faqat cheklangan miqdorda xarid qilish mumkin bo‘ladi.

BotFather mini ilova ko‘rinishida

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/08/ecf1f72dbc0ca8635f.mp4
Video: Telegram

Telegram’dagi yangi BotFather mini ilovasi orqali dasturchilar o‘z botlarini sozlashi, interfeyslarini yangilashi va xususiy ilovalar yaratishi mumkin bo‘ladi. Endi bu jarayon yanada intuitiv va mobilga mos shaklda amalga oshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram’da foydalanuvchi yoshini video orqali aniqlovchi rasmiy bot ishga tushirilgani haqida yozgandi.