Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport quriladi

Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik infratuzilma loyihalari haqida axborot berildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
2030-yilga borib Toshkentga keluvchi aviayo‘lovchilar soni 15 mlnga yetishi kutilmoqda. Ammo hozirgi aeroport bu oqimni qabul qila olmaydi va shahar ichida joylashgani bois kengaytirish ham imkonsiz. Shu sababli Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgan. Xorijiy kompaniyalar bilan xususiy sheriklik asosida muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, yo‘l xo‘jaligi rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Muqobil avtomobil yo‘llari va tezyurar magistrallar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida tezyurar yo‘l qurish tashabbusiga xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yil oxirigacha 15 ta zamonaviy qadoqlash korxonasi ishga tushishi haqida yozgan edik.