
AQSh prezidenti Donald Tramp 15 yillik orzusi bo‘lgan Oq uy hududida $200 mlnlik hashamatli bal zali qurdirishni boshlaydi. Qurilish ishlari sentabr oyida start oladi, deya xabar bermoqda CNN.

90 ming kvadrat fut (taxminan 8 400 m²) maydondagi yangi «Davlat bal zali» oltin va kristall lyustralar, marmar pol va klassik ustunlar bilan bezatiladi. U Mar-a-Lagodagi Tramp mulkidagi tantanali zallarga o‘xshash bo‘ladi. Yangi zal 650 kishini sig‘dira oladi. Bu hozirgi eng katta xona, Sharqiy zalga nisbatan uch baravar katta.

Bal zali hozirgi Sharqiy qanot o‘rnida quriladi. Bu hududda birinchi xonimlar ofisi joylashgan bo‘lib, xodimlar vaqtincha boshqa joyga ko‘chiriladi.

Tramp bu inshootni shaxsiy mablag‘i va xususiy tashkilotlar hisobidan moliyalashtiradi. Unga ko‘ra, bu yangi bal zali kelajak prezidentlar va amerikaliklar uchun katta meros bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘nlab davlatlar mahsulotlariga keskin bojlar joriy qilgani haqida yozgan edik.