
Uzbekistan Airways hamda Xitoyning China Southern Airlines aviakomaniyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda milliy aviakompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Tomonlar interlayn va kod-sher hamkorlik, yuk tashish xizmatlarini kengaytirish, qo‘shimcha servislarni joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Bu esa ikki davlat o‘rtasida havo yo‘llarini integratsiyalash va «Havo Ipak yo‘li» konsepsiyasini amalda kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

«Xitoy – Uzbekistan Airways uchun eng muhim strategik bozor sanaladi. China Southern bilan hamkorlik yo‘nalishlarimizni kengaytirish, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Bu kelishuv kelajakdagi «Havo Ipak yo‘li»ning mustahkam poydevoridir», — deya fikr bildirdi Uzbekistan Airways Boshqaruvi raisi Shuxrat Xudaykulov.

Shuningdek, China Southern Airlines prezidenti va bosh direktori Xan Venshen ham hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.
«Markaziy Osiyo bozori biz uchun strategik yo‘nalish hisoblanadi. Uzbekistan Airways bilan tuzilgan kelishuv orqali biz yo‘lovchilarga ko‘proq tanlov, yuqori sifatli xizmat va Xitoy bilan mintaqa o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash imkoniga ega bo‘lamiz».

Mazkur memorandum Uzbekistan Airways’ning xalqaro hamkorlikni kengaytirish, transport aloqalarini rivojlantirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlash yo‘lidagi strategiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Uzbekistan Airways olti oyda sof foydasini 45 foizga oshirgani haqida yozgandi.