
Qualcomm kompaniyasi 2025-yilning uchinchi choragida $10,4 milliardlik daromadga erishdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizlik o‘sishni anglatadi.
Ma’lum qilinishicha, eng katta daromad QCT (Qualcomm CDMA Technologies) bo‘limi hissasiga to‘g‘ri kelgan – $6,32 milliard. Ayniqsa, avtomobil yo‘nalishida 21 foizlik sezilarli o‘sish qayd etilgan.
GAAP (umumiy hisoblash standartlari) bo‘yicha soliqdan oldingi foyda $2,95 milliardni, sof foyda esa $2,67 milliardni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 30 foiz va 25 foizlik o‘sishni bildiradi. Har bir aksiya uchun daromad $2,43 bo‘lib, 29 foizga oshgan.
Non-GAAP (moliya hisobotlarida qo‘shimcha elementlarsiz ko‘rsatkichlar) bo‘yicha esa soliqdan oldingi foyda $3,54 milliard, sof foyda $3,04 milliardni tashkil etdi. Har bir aksiya uchun daromad $2,77 ni tashkil etib, o‘tgan yilgi $2,33 ga nisbatan 19 foizga oshgan.
Qualcomm bosh direktori Krishtiano Amon bu natijalarni kompaniyaning sun’iy intellekt texnologiyalarini faol joriy etayotgani bilan izohladi.
«Avtomobil va IoT segmentlaridagi daromad o‘sishi bizning diversifikatsiya strategiyamizni tasdiqlaydi», – dedi Amon.
Shuningdek, u Samsung va Xiaomi bilan davom etayotgan hamkorlik haqida ham to‘xtaldi. Hozirgacha Snapdragon 8 Elite chipi asosida 124 ta Android modeli ishlab chiqarilgan.
Qualcomm’ga ko‘ra, keyingi avlod Snapdragon 8 Elite chipi bilan birinchi smartfonni aynan Xiaomi taqdim etadi. Nashrlarning yozishicha, bu model Xiaomi 16 bo‘lishi kutilmoqda.
Xiaomi so‘nggi yillarda Qualcomm’ning yangi flagman chiplarini birinchi bo‘lib ishlatib kelayotgan yetakchi OEM ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi HyperOS 3 sentabrda taqdim etilishi haqida yozgan edi.
Dastlabki yangilanishni Xiaomi 15, 15 Pro, 15 Ultra, 14T Pro, 15T Pro, Redmi K70 Ultra va K80 Ultra modellari oladi. Yangi tizimda silliq animatsiyalar, yaxshilangan tezlik, barqarorlik va Xiaomi ekotizimi bilan kuchli integratsiya ta’minlanadi. Shuningdek, Xiaomi 16 va 16 Pro modellari HyperOS 3 oldindan o‘rnatilgan holda sotuvga chiqariladi.