
BMW kompaniyasi Neue Klasse deb nomlangan mutlaqo yangi modellari uchun elektromotorlarning ommaviy ishlab chiqarilishini boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Oltinchi avlod dvigatellari Avstriyaning Shteyr shahridagi zavodda ishlab chiqarilmoqda va ular BMW’ning butun ishlab chiqarish tarmog‘iga yetkazib beriladi.
2023-yilga qadar BMW ushbu zavodga 1 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Ushbu investitsiya elektr dvigatellar ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur zavod so‘nggi 40 yil davomida BMW va Mini uchun ichki yonuv dvigatellarini ishlab chiqarib kelgan. Endilikda u o‘z tarixining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda — shu bilan birga, benzin va dizel dvigatellari ishlab chiqarilishi ham davom etmoqda. Kompaniyaning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mingga yaqin xodim elektromotorlar yig‘ish ishlariga jalb etilgan, va 2030-yilga kelib, butun zavod ishchilarining yarmi elektr transport ishlab chiqarishga o‘tishi mumkin.

Avstriyadagi ishlab chiqarish korxonasida elektromotorning asosiy qismlari — rotor, stator, transmissiya va invertor ishlab chiqarilmoqda. Dvigatel korpusi Germaniyaning Landshut shahrida tayyorlanadi, so‘ngra uni yakuniy qayta ishlash Shteyrda amalga oshiriladi.
Oltinchi avlod dvigatellari modulli konsepsiya asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu turli modifikatsiyalardagi motorlarni Neue Klasse model qatori uchun moslashtirish imkonini beradi.

Birinchi Neue Klasse elektromobili — BMW iX3 50 xDrive bo‘lishi kutilmoqda. U oltinchi avlod elektromotorlari yordamida avvalgi versiyalariga nisbatan taxminan 20% samaraliroq ishlaydi. Yangi yuqori voltli akkumulyator bilan birga bu modelga WLTP sikliga ko‘ra 800 km gacha yurish masofasini ta’minlash imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BMW 71 mingdan ortiq elektromobilini chaqirib olayotgani haqida yozgandi.