
O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz safarlarni nazarda tutuvchi bitim tasdiqlandi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur bitim joriy yilning 3-fevral kuni Iordaniyaning poytaxti Ammon shahrida imzolangan bo‘lib, endilikda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari va diplomatik vakolatxonalari xodimlari o‘zaro vizasiz borib-kelish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bitim ijrosini ta’minlash uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakolatli organ sifatida belgilandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan so‘ng uning amaliy ijrosini belgilangan tartibda ta’minlashlari lozim.
Avvalroq «Kursiv» nashri may oyida O‘zbekiston va Sloveniya diplomatik pasport egalari o‘rtasida vizasiz tartib joriy etilishi haqida yozgandi.