Senat hukumatga qurilishlar ustidan parlament so‘rovi yuboradi

Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida hukumatga qurilishlarni tartibga solish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda senatorlar tomonidan ayrim hududlarda qurilish ishlari amaldagi qonunchilik talablariga zid tarzda amalga oshirilayotgani tanqid qilindi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy va o‘zboshimcha qurilishlar, umumiy foydalanishdagi hududlarning to‘sib qo‘yilishi kabi muammolar ko‘tarildi. Bu borada mavjud choralar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Shuningdek, texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagan, moliyaviy hisob-kitobi yo‘q loyihalarga xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish holatlari tanqid ostiga olindi. Ayrim hollarda ajratilgan mablag‘lar bir yildan ortiq vaqt davomida o‘zlashtirilmayotgani qayd etildi.
Mazkur muammolarga aniqlik kiritish va javobgar vazirlik va idoralar faoliyatini o‘rganish maqsadida Senat Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan senator Toshkentdagi elektr uzilishlari bo‘yicha energetika vaziriga so‘rov yuborgani haqida yozgandi.