Saratonga qarshi immun hujayralar endi charchamaydi

AQShning Kaliforniya universiteti (UCLA) olimlari saraton immunoterapiyasidagi eng katta muammolardan biriga yechim topdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Ular bemorning o‘zidan olingan va genetik jihatdan qayta dasturlangan ildiz hujayralar yordamida organizm ichida doimiy ravishda saratonga qarshi kurashuvchi T-hujayralar ishlab chiqarilishini ta’minlay oldi.
Nature Communications jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqot natijalari bemorning ichida «immun hujayralar fabrikasi»ni yaratish imkoniyatini ochib berdi. Bu esa T-hujayralar terapiyasining asosiy muammosi: ularning vaqt o‘tishi bilan kuchsizlanishi va charchab qolishi (immun exhaustion) muammosini hal etishi mumkin.
Sinov qanday o‘tgan
- Avvaliga bemorga saraton hujayralarini tanib, yo‘q qilishga mo‘ljallangan maxsus T-hujayralar yuboriladi (NY-ESO-1 antigeniga nisbatan).
- Oradan bir kun o‘tgach, bemorning o‘zidan olingan va genetik o‘zgartirilgan gematopoetik ildiz hujayralari (HSCs) ikkinchi marta yuboriladi.
Ushbu HSC hujayralar organizmda doimiy ravishda yangilanib turuvchi va saratonga qarshi yangi T-hujayralarni ishlab chiqaruvchi «fabrika» sifatida harakat qiladi. Eng muhimi ushbu yangi hujayralar hech qanday charchoq yoki funksional zaiflik alomatlarini ko‘rsatmagan.
Tadqiqotchilardan biri, doktor Teodor Skott Novitskiy tadqiqot haqida shundey deydi:
«Bemorning o‘zining ildiz hujayralarini qayta dasturlab, saratonga qarshi doimiy immun himoya yaratish mumkinligini isbotladik. Bu hali to‘liq davolovchi yechim bo‘lmasa-da, saratonni nafaqat davolash, balki uning qaytishining oldini olish imkoniyatini beradi.»
Yana bir muhim jihat: ushbu genetik o‘zgartirilgan hujayralarga «suitcida geni» (sr39TK) joylashtirilgan. Bu orqali PET skanerlari yordamida hujayralarni kuzatish va agar noxush holatlar yuzaga kelsa, ularni tezda yo‘q qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan olimlar saratonning barcha turlariga qarshi «universal» vaksinani ishlab chiqayotgani haqida xabar bergan edi.