Yangiliklar

Noqonuniy diniy ta’lim va diniy adabiyotlar bosib chiqarish holatlari aniqlandi

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida
Foto: Pinterest

2025-yil may – iyul oylarida Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida diniy sohaga oid jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi noqonuniy ta’lim markazi

Qashqadaryolik (1993-y.t.) shaxs Jiydali mahallasida 15 nafar yoshga, ularning har biridan $150 evaziga, noqonuniy diniy ta’lim bergani aniqlangan.

Bu yoshlarning 11 nafari voyaga yetmagan, shulardan biri 3 yildan buyon maktabga bormagan.

Yana bir noqonuniy o‘quv markazi

1977-y.t. shaxs 10 nafar voyaga yetmagan bolaga dars bergan. Har biridan $100 hamda oziq-ovqat mahsulotlari talab qilgan.

Bolalarni yashirish uchun hovlida quduqqa o‘xshash yashirin yerosti xonasi qurdirgan. Bu esa ularning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Har ikki holat bo‘yicha mahallalarda sayyor sudlar o‘tkazilib, MJKning 241-moddasi asosida javobgarlik belgilandi.

Ular ruxsatsiz, norasmiy diniy qo‘lyozmalar va adabiyotlardan foydalangani aniqlandi.

Farg‘onada noqonuniy bosmaxona fosh etildi

Buvayda tumanida yashovchi 1991-y.t. fuqaro uyida va ovqatlanish shoxobchasida diniy kitoblarni chop etish bilan shug‘ullangan.

Tergov davomida 1 210 dona diniy kitob, 2 000 dona yarimtayyor bosma material, 6 ta chop etish uskunasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Bu fuqaro 2024-yilning iyulida ham diniy kitoblarni noqonuniy chop etgani uchun javobgarlikka tortilgan, biroq bu ishini yana davom ettirgan.

Hozirda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mubashshir Ahmad ishi sudga oshirilgani haqida xabar bergan edi.