Noyob Chevrolet Corvette avtomobili Custom Monterey auksionida sotiladi

4-avgust 2025 15:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
1959-yilgi Chevy Corvette
1959-yilgi noyob Chevrolet Corvette Custom Monterey auksionida sotiladi / Foto: GMAutority

1959-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Corvette avtomobili qayta yig‘ilib, avgust oyida Monterey Car Week auksionida sotuvga chiqariladi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.

O‘sha yili Corvette’ning umumiy ishlab chiqarish soni 9 670 donani tashkil etgan. Bu 2020-yilgacha 10 000 donadan kam ishlab chiqarilgan so‘nggi yil bo‘lgan. Avtomobilning boshlang‘ich narxi $3 875 bo‘lib, 230 ot kuchiga ega 283 kub dyuymli dvigatel, uch pog‘onali mexanik transmissiya va vinil yumshoq tomni o‘z ichiga olgan.

Foto: GMAutority

1959-yilgi model dizayni soddalashtirilgan. Avvalgi modeldagi xrom bezaklar va soxta kapot panjaralari olib tashlangan. Salon yangilangan: eshik panellari bir butun shaklga keltirilgan, qo‘l suyagichlar va eshik ochgichlar qulay joyga ko‘chirilgan. Asboblar paneli yaxshilangan.

Foto: GMAutority

1959-yilda Corvette besh xil 283 dyuymli dvigatel bilan taqdim etilgan. Eng kuchli variant 290 ot kuchiga ega bo‘lgan. Transmissiyalar orasida 3 va 4 pog‘onali mexanik, shuningdek, Powerglide avtomat varianti bo‘lgan.

Auksionga qo‘yilayotgan maxsus model yorqin qizil rangda, kumush rangli ghost flame naqshli yon panellarga ega. 430 ot kuchiga ega LS3 V8 dvigateli bilan jihozlangan. Uzatmalar qutisi — Tremec T56 6 pog‘onali mexanik, orqa differensial esa Dana 44.

Mashina zamonaviy Corvette Correction shassisiga o‘tkazilgan, mustaqil osma, rack-and-pinion rul boshqaruvi va to‘rt diskli tormoz tizimi o‘rnatilgan. Corvette Z06 disklari va Michelin sport shinalari bilan jihozlangan.

Foto: GMAutority

Ichki qismda charm rul, Vintage Air iqlim nazorati, Dakota Digital asboblari va xromli Hurst uzatmalar dastagi mavjud. Yumshoq tom Haartz matosidan yasalgan. Restavratsiya qilingan qattiq tom ham sotuvga qo‘shilgan.

Ushbu maxsus yig‘ilgan 1959-yilgi Chevy Corvette 16-avgust, shanba kuni Kaliforniyaning Monterey shahrida bo‘lib o‘tadigan Mecum Auctions auksionida savdoga qo‘yiladi. Sotuv oldi bahosi $140 mingdan $160 minggacha deb baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt Olmaotadagi auksionda 9,4 ming dollarga sotilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek