Apple va Google O‘zbekistonda yarim yil ichida qancha soliq to‘ladi

O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda 72 ta xorijiy kompaniyalar 78,2 milliard so‘m to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ularning respublika budjetiga to‘lovlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshgan. Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekistondagi raqamli xizmatlari hajmi esa 656,8 mlrd so‘mga yetgan.
Xorijiy raqamli gigantlar orasida eng ko‘p soliqni Facebook, Instagram va WhatsApp’ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi to‘lagan. Yanvar-iyul oylarida u budjetga 22,6 mlrd so‘m o‘tkazgan.
Ikkinchi o‘rinda Apple — 22,1 mlrd so‘m, uchinchi o‘rinda esa Google — 19,4 mlrd so‘m soliq bilan qayd etilgan.
Shuningdek, eng ko‘p to‘lov qilgan kompaniyalar o‘ntaligiga OpenAI (ChatGPT ishlab chiquvchisi), Booking, TikTok, Netflix, ACCA (xalqaro buxgalteriya tashkiloti), Zoom va Adobe ham kirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple daromadi o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.