
Armaniston hukumati 3-avgustdagi Jennifer Lopez konsertiga $7 million sarflagan. Bu haqda Yerevan shahri hokimi o‘rinbosari Armen Pambuxchyan ma’lum qildi, deb yozmoqda «RBK».
Uning aytishicha, konsertga xorijdan kelgan turistlarning har biri Armanistonda o‘rtacha $500 sarflaydi. Bu summaga yo‘l haqi, mehmonxona, ovqatlanish va boshqa xarajatlar kiradi. Natijada mamlakat iqtisodiyotiga taxminan $7,5 million tushadi, degan hisob-kitob qilingan.
«15000 * 500 = 7 500 000. Ya’ni hukumat ajratgan mablag‘ to‘liq o‘zini oqlaydi», – degan Pambuxchyan.
U, shuningdek, bu konsert mamlakatning xalqaro obro‘sini oshirib, Armanistonning dunyoga tanilishiga hissa qo‘shishini ta’kidlagan.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar hukumatning bu qadar katta xarajatlariga norozilik bildirgan. Ular bu mablag‘ni boshqa muhim sohalarga sarflasa bo‘lardi, deb hisoblaydi.
Bundan avval xonandaning 1-avgust kuni Ostona shahrida konserti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, 10-avgust kuni Olmaotadagi Markaziy stadionda yana bir konsert o‘tkaziladi.
Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti esa 7-avgust kuni «Milliy» stadionida bo‘lib o‘tadi. Ushbu konsert uchun chiptalar 5-iyundan boshlab onlayn savdoga chiqarilgan.
iTicket.uz chipta operatorining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Jennifer Lopez konserti uchun sotilgan chiptalarning 40 foizini dunyoning 35 mamlakatning fuqarolari xarid qilgan.
Chiptalar asosan Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikistondan, shuningdek, uzoq xorij davlatlaridan, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, BAA, Janubiy Koreya, Kanada va Saudiya Arabistoni fuqarolari tomonidan sotib olingan.