Ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy moddiy yordam beriladi

Endilikda uch yoshga to‘lmagan farzandi bog‘chaga qatnaydigan ehtiyojmand oilalarga davlat tomonidan har oy 618 ming so‘m miqdorida maxsus moddiy yordam to‘lab beriladi. Bu haqda 2025-yil 31-iyul kuni hukumat qarori asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilindi.
Mazkur yordam quyidagi talablarga javob beradigan oilalarga taalluqlidir:
– oila Kambag‘allar reyestrida ro‘yxatda bo‘lishi lozim;
– bolaning ota yoki onasi yagona bo‘lishi, ya’ni farzand faqat bitta ota-onadan biri bilan yashashi kerak;
– ushbu yagona ota yoki ona rasmiy ish joyiga ega bo‘lishi, ya’ni ish joyi mehnat daftarchasida qayd etilgan bo‘lishi shart;
– farzand maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnayotgan bo‘lishi lozim;
– bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lishi kerak.
Agar bu barcha shartlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa, davlat tomonidan 618 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordam har oy to‘lab beriladi. Shuningdek, agar ota-ona egizak farzandlarga ega bo‘lsa, ushbu yordam har bir farzand uchun alohida ajratiladi.
Moddiy yordamni olish uchun ariza ikki usulda topshirilishi mumkin:
- my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda;
- «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib, arizani shaxsan topshirish orqali.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam berilishi haqida yozgan edik.