Yangiliklar

Ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy moddiy yordam beriladi

Buning uchun bir qator talablar belgilangan
Ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy 618 ming so‘m moddiy yordam beriladi / Foto: Facebook

Endilikda uch yoshga to‘lmagan farzandi bog‘chaga qatnaydigan ehtiyojmand oilalarga davlat tomonidan har oy 618 ming so‘m miqdorida maxsus moddiy yordam to‘lab beriladi. Bu haqda 2025-yil 31-iyul kuni hukumat qarori asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilindi.

Mazkur yordam quyidagi talablarga javob beradigan oilalarga taalluqlidir:

– oila Kambag‘allar reyestrida ro‘yxatda bo‘lishi lozim;
– bolaning ota yoki onasi yagona bo‘lishi, ya’ni farzand faqat bitta ota-onadan biri bilan yashashi kerak;
– ushbu yagona ota yoki ona rasmiy ish joyiga ega bo‘lishi, ya’ni ish joyi mehnat daftarchasida qayd etilgan bo‘lishi shart;
– farzand maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnayotgan bo‘lishi lozim;
– bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lishi kerak.

Agar bu barcha shartlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa, davlat tomonidan 618 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordam har oy to‘lab beriladi. Shuningdek, agar ota-ona egizak farzandlarga ega bo‘lsa, ushbu yordam har bir farzand uchun alohida ajratiladi.

Moddiy yordamni olish uchun ariza ikki usulda topshirilishi mumkin:

  1. my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda;
  2. «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib, arizani shaxsan topshirish orqali.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam berilishi haqida yozgan edik.