Investitsiya va kreditlar jalb etiladigan Sea Breeze Uzbekistan, o‘g‘irlangan yarim million dollarlik seyf — 4-avgustning eng muhim yangiliklari

4-avgust ham bir qator muhim voqealarga boy bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan nashri bugun sodir bo‘lgan muhim hodisalarni bitta materialga joyladi.
O‘zbekiston pavilyoni Red Dot mukofotining eng oliy sovriniga sazovor bo‘ldi

«Expo Osaka 2025 Kansai» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston pavilyoni «Red Dot Award: Brands & Communication Design» tanlovining «Ko‘rgazma stendlari» nominatsiyasida «Best of the Best» mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Bu mukofot dunyo miqyosida dizayn va kommunikatsiya sohasidagi eng nufuzli e’tiroflardan biri sanaladi. Ilgari bu mukofotga «Apple», «Ferrari», «Philips» kabi global brendlar sazovor bo‘lgan.
Apple daromadi o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshdi

Apple kompaniyasi 2025-yilning uchinchi choragi uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. (Kompaniyaning moliyaviy yili oktabrdan boshlanadi) Kompaniya chorakni $94 mlrd daromad bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 foiz yoki $8,2 mlrd ko‘p.
Ma’lum qilinishicha, sof foyda $23,4 mlrd bo‘lib, o‘tgan yilgi $21,4 mlrddan oshdi. Operatsion foyda esa $28,2 mlrdni tashkil etdi. Apple iPhone sotuvidan $44,6 mlrd daromad oldi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich $39,3 mlrd edi. Mac sotuvi ham oshib, $8 mlrdga yetdi. Servislar bo‘yicha daromad $27,4 mlrdni tashkil etgan.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun to‘rt mingta grantli kvota ajratildi

Davlat tomonidan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun 2025-yilgi qabulda to‘rt mingta qo‘shimcha grant asosidagi kvota ajratildi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qildi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p kvota tibbiyot fanlariga (1 046 ta), aniq va tabiiy fanlarga (806 ta) hamda boshqa yo‘nalishlarga (1 987 ta) to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston 20 mln dollarlik 45 ta savdo bitimini imzoladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston Kobulda o‘tkazilgan biznes uchrashuvi doirasida umumiy qiymati $20 milliondan ziyod bo‘lgan 45 ta savdo bitimini imzoladi. Bu haqda TOLO News nashri xabar berdi.
Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy so‘zlariga ko‘ra, Kobul O‘zbekiston bilan savdo hajmini $3 milliardga yetkazish ustida faol ishlamoqda.
Ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy moddiy yordam beriladi

Endilikda uch yoshga to‘lmagan farzandi bog‘chaga qatnaydigan ehtiyojmand oilalarga davlat tomonidan har oy 618 ming so‘m miqdorida maxsus moddiy yordam to‘lab beriladi. Bu haqda 2025-yil 31-iyul kuni hukumat qarori asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy qilindi.
Toshkentda tez yordam kelishini onlayn kuzatish imkoni yaratildi

Toshkent shahri aholisiga tez tibbiy yordam guruhi qanday harakatlanayotganini real vaqt rejimida xaritada kuzatish imkoniyatini yaratdi. Bu haqda Yandex Uzbekistan Kursiv’ga xabar berdi.
Yangi tizim Respublika tez tibbiy yordam markazi va Yandex Uzbekistan hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, bemor va yaqinlariga tibbiy yordam guruhi qayerda ekanini kuzatish va kelish vaqti haqida oldindan tayyorlanish imkonini beradi. Chaqiruv yuborilgach, foydalanuvchiga SMS orqali elektron xaritaga havola yuboriladi. U orqali tez yordam mashinasining yo‘nalishini onlayn ko‘rish mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston banan importi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi

2025-yilning yanvar – iyun oylarida mamlakat 95,3 ming tonna banan import qilgan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan besh foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Import geografiyasiga qaralsa, umumiy hajmning 98,6 foizi Ekvadordan – 94 ming tonna mahsulot olib kelingan. Qolgani esa Xitoy (539 tonna), Qirg‘iziston (295 tonna), Hindiston (224 tonna) va boshqa davlatlardan (205 tonna) yetkazib berilgan.
Toshkentdagi bozorlarda go‘sht mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxda sotish boshlandi

3-avgustdan Toshkent shahridagi yirik bozorlarda go‘sht va go‘sht mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda savdoga chiqarildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Unga ko‘ra Aviasozlar, Farhod, Eski Jo‘va, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlari hududida ilgari faoliyat yuritgan 624 ta go‘sht savdo rastasiga qo‘shimcha yana 84 tasi tashkil etildi. Savdo nuqtalarining umumiy soni hozirda 708 taga yetgan.
O‘zbekiston Sea Breeze Uzbekistan qurilishiga investitsiya va kreditlar jalb etadi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan kurorti uchun ko‘prik, yo‘llar va kommunal infratuzilma qurilishi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro moliyaviy tashkilotlar va xususiy investorlar mablag‘larini jalb etadi.
Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvargacha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga xorijiy moliyaviy institutlar hamda investorlar bilan hamkorlikda zarur mablag‘larni jalb etish topshirildi.
Prezident Turkmanistonda qanday kutib olindi

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkentda ichida yarim million dollar bo‘lgan seyf o‘g‘irlandi

Toshkentning Mirobod tumanida ikki erkak ofisdan ichida $560 ming, hujjatlar va fleshkalar bo‘lgan seyfni o‘g‘irladi. Bu haqda Toshkent shahar IIV ma’lum qildi.
Ular kechasi Gentra mashinasida kelib, ofisga buzib kirgan va kompaniya rahbarining kabinetidan seyfni olib chiqib ketgan.
Avvalroq haftaning eng muhim yangiliklari haqida yozgan edik.