Markaziy bank REPO operatsiyalarida korporativ obligatsiyalarni qabul qila boshladi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Yangi tartib tijorat banklari uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi
obligatsiyalar
Rasm Sora SI yordamida yaratilgan

O‘zbekiston Markaziy banki REPO operatsiyalarida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bir qatorda korporativ obligatsiyalarni ham qabul qila boshladi. Yangi tartib tijorat banklari uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu haqda Markaziy bank vakillari mediamuloqot doirasida ma’lum qildi.

Markaziy bank Monetar operatsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Humoyun Usmonaliyevning ma’lum qilishicha, REPO operatsiyalarida qabul qilinadigan qimmatli qog‘ozlar ro‘yxati — «lombard ro‘yxati» kengaytirildi. Endilikda ro‘yxatga Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari ham kiritildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir instrument uchun risk darajasidan kelib chiqib to‘g‘rilash koeffitsiyenti belgilanadi. Masalan, ipoteka obligatsiyalariga 10%, korporativ obligatsiyalarga esa 20% chegirma koeffitsiyenti qo‘llaniladi. Ya’ni, bozor qiymati 10 mlrd so‘m bo‘lgan ipoteka obligatsiyalari REPO operatsiyasida 9 mlrd so‘m, korporativ obligatsiyalari esa 8 mlrd so‘m qiymatda qabul qilinadi. Banklar ushbu qiymat asosida Markaziy bankdan likvidlik jalb qilishlari mumkin.

Samig‘jon Inog‘amov / Foto: Markaziy bank

Pul-kredit departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov esa ilgari Markaziy bank faqat Moliya vazirligi yoki Markaziy bank tomonidan chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarini qabul qilganini eslatib o‘tdi.

«Kapital bozorimiz rivojlanib borgani sari boshqa obligatsiyalarni ham jalb qilamiz», — dedi u.

Yangi amaliyot doirasida birinchi REPO operatsiyalari allaqachon o‘tkazildi. Jumladan, «Hamkorbank» ATB Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining ikkinchi emissiyasi doirasida chiqarilgan korporativ obligatsiyalarining bir qismini Markaziy bank bilan REPO amaliyotida muvaffaqiyatli ishlatdi.

Estib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Markaziy bank va Xitoy moliyaviy boshqarmasi bank nazorati bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edi.

Shuningdek