Yangiliklar

Og‘ir jinoyat sodir etgan migrantlarning Rossiyaga kirish taqiqlanishi mumkin

«Adolatli Rossiya – haqiqat uchun» fraksiyasi deputatlari Davlat dumasiga qonun loyihasini kiritmoqda
Мигранты в России
Ichki ishlar organlariga eng faol murojaat qilayotganlar O‘zbekiston fuqarolari. / Foto: Klaus Wright / Unsplash

«Adolatli Rossiya – haqiqat uchun» fraksiyasi deputatlari davlat dumasiga og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudlangan migrantlarga Rossiyaga kirishni umrbod taqiqlovchi qonun loyihasini kiritadi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

Qonun loyihasi muallifi – partiya yetakchisi Sergey Mironov. Partiya matbuot xizmatining agentlikka ma’lum qilishicha, qonun loyihasi duma muhokamasiga bugun kiritiladi.

«Qonun loyihasi Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, milliy xavfsizlik va jamoat tartibini mustahkamlash chorasi sifatida Rossiya hududida yoki undan tashqarida og‘ir jinoyat sodir etgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslarga Rossiyaga kirishni umrbod taqiqlashni nazarda tutadi. Bu taqiq sudlanganlik muddati tugagan-tugamaganidan qat’i nazar amal qiladi», — deyiladi hujjatga ilova qilingan tushuntirish xatida.

Sergey Mironov qonun loyihasi Rossiya hududida og‘ir jinoyatlarning qayta sodir etilish xavfini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha qabul qilinsa, rossiyalik fuqarolar xavfsizligiga tahdid soluvchi jinoyatchi migrantlarning kirishiga huquqiy to‘siq yaratiladi.

Bundan avval Peterburg va Leningrad viloyatida migrantlar uchun patent narxi oshirilishi haqida xabar bergandik.