Yangiliklar

O‘zbek – qozoq chegarasida mahsulotlar tranziti uchun «yashil yo‘lak» joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi
Qozoq – o‘zbek chegara bekatida o‘nlab yuk mashinalari to‘xtab turibdi. Foto: gov.kz

O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasida mahsulotlar tranziti uchun «yashil yo‘lak» joriy etilishi mumkin. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog‘iston Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Duysembiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: «Dunyo» AA

Unga ko‘ra, «G‘ishtko‘prik» (O‘zbekiston) – «Jibek Joli» (Qozog‘iston) hamda «Davut-ota» (O‘zbekiston) – «Tajen» (Qozog‘iston) chegara punktlarida rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish rejalashtirilmoqda. Bu orqali savdo hajmini va turizm ko‘rsatkichlarini oshirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida tashkil etilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yaqinidagi Sirdaryo – Atameken chegara punktini zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, meva-sabzavot va boshqa tez buziladigan mahsulotlar tranzitini yengillashtirish uchun «yashil yo‘lak» tizimini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan avval qozoq – o‘zbek chegarasida o‘nlab yuk mashinalari to‘xtab qolgani haqida yozgandik.

Unga ko‘ra, Turkiston viloyatining Keles tumanida joylashgan «Bauirjan Konisbayev» bojxona postida o‘nlab yuk mashinalari bir haftadan ortiq vaqtdan beri to‘xtab qolgani aytilgandi. Biroq bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari haydovchilarning mashinalar bir haftadan beri turibdi, degan iddaolarini rad etgan.

Shuningdek, O‘zbekistondan meva-sabzavot ortib kelgan haydovchi va tadbirkorlar mahsulotlari buzilib, isrof bo‘layotgani sabab zarar ko‘rayotganini aytgandi.

Bundan tashqari, avval Kursiv Uzbekistan «Dovut-ota» chegara punkti 1-sentabrgacha vaqtincha yopilishi haqida xabar bergandi.