Yangiliklar

O‘zbekiston Sea Breeze Uzbekistan qurilishiga investitsiya va kreditlar jalb etadi

Ko‘prik, yo‘l va infratuzilma qurilishi uchun
O‘zbekiston Sea Breeze Uzbekistan kurorti qurilishiga investitsiya va kreditlar jalb etadi / Foto: President.uz

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan kurorti uchun ko‘prik, yo‘llar va kommunal infratuzilma qurilishi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro moliyaviy tashkilotlar va xususiy investorlar mablag‘larini jalb etadi.

Shu maqsadda 2026-yil 1-yanvargacha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga xorijiy moliyaviy institutlar hamda investorlar bilan hamkorlikda zarur mablag‘larni jalb etish topshirildi.

Kurort ijaraga olingan yer uchastkalarida quriladi. Har bir kvadrat metr qurilish uchun ijarachi $50 miqdorida infratuzilma to‘lovi to‘laydi. Ushbu mablag‘lar muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, yer osti avtoturargohi, qurilish maydonchasi va texnik inshootlar uchun.

To‘langan barcha mablag‘lar «Charvak» turistik-rekreatsion zonasi direksiyasining maxsus hisob raqamiga, obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar o‘tkaziladi. To‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirishga ham ruxsat etiladi.

«Charvak» TRZ ushbu to‘lovlar va Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalana oladi. Mablag‘lar ijtimoiy obyektlar, yo‘llar, kommunikatsiyalar, sug‘orish tizimlari loyihalash, shuningdek, umumiy 6,8 mln kv. metr hududda muhandislik tarmoqlarini qurishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar mehnat haqi ham shu mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Loyihaga kiritilgan (qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlaridan tashqari) mulk obyektlari investorlar tomonidan mulkdorlar bilan kelishuv asosida sotib olinadi.

Agar qurilish muddati buzilsa va bu muammo xabarnomadan keyin ikki oy ichida bartaraf etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi. Bu qoida qurilishi rejalashtirilgan, ammo foydalanilmayotgan yer uchastkalari uchun amal qiladi. Bunday holatda ijarachining kiritgan investitsiyalari qaytarilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya vazirligi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi nazorat ostida amalga oshirilishi bo‘yicha bayonot bergan edi.