
Turkmanboshi shahriga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbatda davlatimiz rahbari BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi yuqori saviyada o‘tayotganini e’tirof etdi. Tomonlar Samarqandda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, O‘zbekiston – Turkmaniston strategik hamkorligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan beri $600 mlnga yetgani, sanoat, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilishi, hududlararo va madaniy almashinuvlar davom etayotgani ta’kidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar hamda Toshkentda o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi yuzasidan ham fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Turkmanistonda qanday kutib olingani haqida yozgan edik.