Yangiliklar

Raqamli kriminalistika mutaxassislari ikki yilda bir malakasini oshiradi

Bunga doir nizom tasdiqlandi
Raqamli kriminalistika mutaxassislari ikki yilda bir malakasini oshiradi. Foto: CACI

Hukumat qarori bilan «Raqamli kriminalistika sohasida mutaxassislar malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Nizomga muvofiq, raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning malakasi har ikki yilda oshiriladi. Mazkur jarayon tegishli yo‘nalishda kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan mutaxassislar uchun tashkil etiladi.

Malaka oshirish bevosita yoki bilvosita shakllarda amalga oshiriladi. Ushbu jarayonni tashkil etuvchi muassasalar tomonidan mashg‘ulotlar hajmi kamida 36 akademik soatni tashkil etishi belgilangan.

Malaka oshirish yakunida mutaxassislarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini aniqlashga qaratilgan yakuniy nazorat o‘tkaziladi. U og‘zaki yoki yozma imtihon, shuningdek, suhbat shaklida bo‘lishi mumkin.

O‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislarga belgilangan namunadagi sertifikat taqdim etiladi.

Bundan avval Samarqandda Pedagogika mahorati markazi ochilgani haqida yozgandik.

Unda UNISEF 6,5 mingdan ortiq pedagog kadrlar malakasini oshirish dasturi bo‘yicha o‘qishni tamomlaganini ta’kidlagan. Kelgusida maktabgacha ta’lim tizimida mehnat qilayotgan 120 ming kishi malaka oshiradi.