
Samarqand va Andijon viloyatlarida maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladigan zamonaviy zavodlar qurilishiga start berildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Loyihalar «Shanghai SUS Environment» va «China International Camce» kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Har bir zavod kuniga 1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, yiliga 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ikkala loyiha ham 150 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Mazkur tashabbus pezidentning chiqindilarni energiyaga aylantirish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari asosida boshlangan bo‘lib, «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga mos tarzda amalga oshirilmoqda. Loyihalar 2025 – 2027-yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kompaniyalar ishlab chiqargan elektr energiyasini 30 yil davomida «O‘zenergosotish» AJga sotadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chiqindi bilan bog‘liq eng ko‘p huquqbuzarlik Namanganda aniqlangan edi.