
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Shu munosabat bilan Ekologiya vazirligi bayonot berib, loyiha davomida ekologik qonunchilikka qat’iy amal qilinishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishini ma’lum qildi.
Vazirlik atmosferaning ifloslanishi, tabiiy resurslardan samarasiz foydalanish va fuqarolarning salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’kidladi.
Shuningdek, vazirlik jamoatchilik bilan ochiq muloqotga tayyorligini bildirib, atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Chorvoq yo‘nalishida yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida xabar bergan edik.