
Prezident qaroriga binoan, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabida ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu o‘quv dargohi Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida tashkil etilmoqda. Maktabga boshlang‘ich musiqiy bilimga ega bo‘lgan o‘quvchilar 9-sinfdan ijodiy imtihon asosida qabul qilinadi.
O‘quv dasturi 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, davlat granti asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi bo‘yicha davlat namunadagi diplom beriladi.
Iqtidorli bitiruvchilar o‘qishni oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, maktabda Sherali Jo‘rayevning ijodiy yo‘nalishlari asosida ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa maktabi tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.