Yangiliklar

TBC’ga Billz’ning aksiyalarini sotib olishga ruxsat berildi

tbc
Raqobat qo‘mitasi tomonidan
Foto: TBC Uzbekistan

Raqobat qo‘mitasi TBC Bank Group PLC kompaniyasining Billz platformasiga egalik qiluvchi «Shoppe Group» MChJdagi 46,67 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijasida bitimga rozilik berildi. Shu bilan birga, raqobatni ta’minlash bo‘yicha bir qator shartlar belgilandi:

  • Billz foydalanuvchilari, xususan TBC Bank yoki Payme bilan raqobatda bo‘lgan kompaniyalar uchun xizmatlar shartlariga asossiz ta’sir ko‘rsatmaslik;
  • Billz orqali yig‘iladigan yoki qayta ishlanadigan mijozlar va iste’molchilarga oid ma’lumotlardan raqobatga zid maqsadlarda foydalanmaslik va ularni oshkor etmaslik;
  • «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasi va tegishli normativ hujjatlarga to‘liq rioya qilish.

Qo‘mita bitim ishtirokchilariga ushbu talab va cheklovlarga qat’iy amal qilishlari shartligini eslatdi.

Ma’lumot uchun, TBC Bank Group PLC – holding kompaniya bo‘lib, unga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan «TBC Bank» ATB hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchi «Payme» AJ tegishli.

Shoppe Group esa Billz brendi ostida savdo va mahsulotlar hisobi, boshqaruvi, elektron tijorat xizmatlarini taqdim etuvchi platforma operatori hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Bank Billz startapining nazorat ulushini sotib olayotgani haqida yozgandi.