Yangiliklar

Toshkentda qorovul ish haqini oshirishi uchun rahbariga bolta bilan tahdid qildi

Yashnobod tumanida

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi qo‘riqlanayotgan obyektlardan birida ishlaydigan qorovul tomonidan rahbariga bolta bilan tahdid qilish holati yuz berdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xabar berdi.

Bu holat 31-iyul kuni yuz bergan. Tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, holatni o‘rganishgan. Aniqlanishicha, ushbu ofisda qorovul bo‘lib ishlovchi fuqaro ish haqi oshirilishini talab qilib, ofis rahbarini bolta bilan tan jarohati yetkazish bilan qo‘rqitgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar fuqaroga bunday harakatlar uchun qonuniy javobgarlik belgilanishini tushuntirishgan. Natijada fuqaroning qo‘lida bo‘lgan bolta va yon sumkasida saqlanayotgan pichoq olib qo‘yilgan.

Hodisa yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ashyoviy dalillar bilan birga materiallar sud organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yunusobodda fuqaro patrul xodimiga pichoq bilan hujum qilgani haqida yozgandi.