Avto

Yangilangan Hyundai Palisade avtomobili qanday xususiyatlarga ega

Mashina 29-avgustdan Chendu avtosalonida oldindan buyurtma asosida savdoga chiqadi
Hyundai Palisade
Yangilangan Hyundai Palisade avtomobili qanday xususiyatlarga ega / Foto: Hyundai

Hyundai kompaniyasi Xitoyda yangi Hyundai Palisade 2026 modelini rasman namoyish qildi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda. Mashina 29-avgustdan Chendu avtosalonida oldindan buyurtma asosida savdoga chiqadi.

Yangi Palisade faqat 2,5 litrli dvigatellar bilan taqdim etiladi. Ularning biri benzinli, ikkinchisi esa gibrid tizimga birlashtirilgan. Oldingi, 2023-yilgi model esa Xitoyda 3,5 litrli V6 dvigateli bilan sotilgan edi.

Foto: Hyundai

Tashqi ko‘rinishi o‘zgarishsiz qolgan. Yirik to‘rtburchak kuzov, katta xromli radiator panjarasi, oddiy eshik tutqichlari va orqa tomonida ikkita chiqindi quvuri bor.

Salon ichida 12,3 dyuymli ikkita ekran, rul ostidagi uzatmalar dastagiga o‘tkazilgan rejim tanlash tugmasi mavjud. Ikkinchi qatorda alohida o‘rindiqlar, salonga yoritish, oldingi va orqa ikki qatordagi o‘rindiqlarga isitish va ventilyatsiya bilan jihozlangan. Uchinchi qatordagi o‘rindiqlarga esa isitish tizimi o‘rnatilgan. Shuningdek, ikkinchi qatorda shtoralar va alohida tom oynasi bor.

Foto: Hyundai

Yangi Palisade’ning uzunligi 5060 mm, eni 1980 mm, balandligi 1805 mm, g‘ildirak bazasi esa 2970 mm. 2,5 litrli benzinli turbo dvigatel 281 ot kuchiga ega. Gibrid versiya esa 334 ot kuchi ishlab chiqaradi va 1000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Tucson L 2025 N-Line sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

U model sport ko‘rinishga ega bo‘lib, qizil tikuvli zamsh o‘rindiqlar, metall pedal qoplamalari, uch spikali rul va qizil ramkali start tugmasi mavjud.