Avto Climate Control 230 mlrd so‘mga xususiylashtirildi

eʼlon qilindi
Xaridor xarid to‘lovining 35 foizini bir oy ichida amalga oshirishi shart
Foto: digitalinstitute

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Avto Climate Control» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini 230 milliard so‘m evaziga xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Savdoda eng yuqori taklifni bildirgan Best Pipe and Parts kompaniyasi xaridor sifatida tanlab olindi. Savdo jarayonida to‘rtta investor ishtirok etdi, yakunda Best Pipe and Parts eng yuqori — 230 mlrd so‘mlik taklifi bilan g‘olib deb topildi.

Bitimga ko‘ra, xaridor xarid to‘lovining 35 foizini bir oy ichida to‘lashi va korxona faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi lozim. Shuningdek, u General Motors bilan tuzilgan texnologik hamkorlik va litsenziya shartlariga qat’iy amal qilishi shart.

Ma’lumot uchun, Best Pipe and Parts — avtomobil butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, 2025-yil fevral oyida Avtokomponent kompaniyasining 98,8 foiz ulushini 105 mlrd so‘mga xarid qilgan. Kompaniyada UzAuto Korea, UzAuto Components va Janubiy Koreyaning Dongwon Metal kompaniyasi aksiyador sifatida ishtirok etadi.

Avto Climate Control esa 2010-yilda «O‘zavtosanoat» va Janubiy Koreyaning ERAE CS Ltd hamkorligida tashkil etilgan. U avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘rtta davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek