
Yoz kelishi bilan har bir uy bekasi sevimli mashg‘ulotiga ya’ni konserva tayyorlashga kirishadi. Yozgi sabzavotlardan tayyorlangan ikra — qishki taomnomaning ajralmas qismidir. Ayniqsa, baqlajonli ikra nafaqat xushbo‘y va mazali, balki tez tayyor bo‘ladigan, uzoq muddat saqlanadigan yegulikdir.
Kursiv Uzbekistan mutolaachilarining qishki bankalar kolleksiyasini yana bir nechtaga ko‘paytirish maqsadida baqlajonli ikra, lecho, qovunli murabbo, adjika va gilosli kompotlarni tayyorlash bo‘yicha retseptlarni keltirib o‘tadi.
Ushbu maqolada quyidagi retseptlar bilan tanishishingiz mumkin:
Baqlajonli ikra

Tayyorlash uchun ketadigan vaqt: o‘rtacha 3 soat (mahsulot hajmiga qarab);
Miqdor: 5 litr ( 5 banka);
Saqlash muddati: 1 yil (to‘g‘ri yopilgan bankada).
Kerakli masalliqlar ro‘yxati:
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Baqlajon | 10 dona |
Qizil bulg‘or qalampiri | 5 dona |
Piyoz | 4 dona |
Sabzi (qizil) | 4 dona |
Pomidor | 7-8 dona |
Sarimsoq piyoz | 5-6 donacha |
O‘simlik yog‘i | 1 litr |
Shakar | 1 choy qoshiq |
Tuz va qora murch | Ta’bga ko‘ra |
Eslatma: yangi va shikastlanmagan sabzavotlar tanlanishi kerak. Ular ikraning ta’mi va ko‘rinishini belgilaydi.
Tayyorlash bosqichlari
1. Sabzavotlarni tayyorlash
Barcha sabzavotlarni toza suvda yaxshilab kamida ikki marta yuvib oling. Baqlajon, sabzi, qalampir va piyozni mayda to‘rtburchak shaklda to‘g‘rang. Pomidorni qirg‘ichdan chiqarib, po‘stini olib tashlang. Sarimsoqni maydalang, ammo hozircha qo‘shmang — u oxirida kerak bo‘ladi. Agar baqlajon achchiq bo‘lsa, avval ustiga tuz sepib, 20 daqiqa keyin. Keyin yuvib ishlating.
2. Qovurish bosqichi
Katta qozonga o‘simlik yog‘ini quying va qizdiring. Dastlab piyozni soling. U qizargach, sabzi va bulg‘or qalampirini qo‘shing. 5 daqiqa davomida aralashtirib qovuring. Keyin baqlajonni soling. U sharbat chiqarishi uchun ustiga ozroq tuz seping. Yana 5–7 daqiqa pishiring.
3. Pomidor va dimlash
Pomidor sharbatini sabzavotlar ustiga quying va aralashtiring. Qopqog‘ini yopib, aralashmani 40 daqiqa davomida o‘rtacha olovda dimlang. Vaqti-vaqti bilan aralashtirib turing — kuyib qolmasin. Pishish davomida sabzavotlar o‘z sharbatida mukammal uyg‘unlashadi.
4. Yakuniy bosqich: ta’m va saqlash
Sabzavotlar yumshab, yuzasida yog‘ ajralib chiqqanini ko‘rsangiz — demak ikra tayyor. Tuz, shakar, qora murch va maydalangan sarimsoqni qo‘shing. Yana 10 daqiqa pishiring. Sterilizatsiya qilingan bankalarga issiq holida soling va darhol yopib, ag‘darib qo‘ying.
Bankalarni adyolga o‘rab, bir kecha davomida iliq joyda ushlang. So‘ngra salqin va qorong‘i joyga joylashtiring.
Esda tuting
Sterilizatsiya — muhim bosqich. Bankalar va qopqoqni bug‘da yoki qaynagan suvda 10 daqiqa tuting. Shuningdek, pomidor yetilgan va shirin bo‘lishi kerak. Nordon yoki suvli pomidorlar ikrani suvli qiladi.
Sarimsoqni oxirida qo‘shin. Shunda u o‘zining tabiiy xususiyatlarini saqlaydi va bakteriyalardan himoya qiladi.
Baqlajonli ikra — bu shunchaki konservalangan sabzavot emas. Bu har bir qoshiqda yoz faslining ta’mi, ona mehri va do‘stona suhbatlarning uyg‘unligidir. Bir martalik mehnat, qish bo‘yi lazzat.
Lecho retsepti

Tayyorlash uchun ketadigan vaqt: o‘rtacha 2–3 soat
Miqdor: 3 litr (3 ta 1 litrli banka)
Saqlash muddati: 10-12 oy
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Pomidor | 2 kg |
Qizil bulg‘or qalampiri | 20 dona |
Qora murch donasi | 6 dona |
Qalampirmunchoq | 5 dona |
Tuz | 3-4 choy qoshiq |
Shakar | 3 osh qoshiq |
O‘simlik yog‘i | 1 litr – 23 ming so‘m |
9% li sirka | 3 osh qoshiq |
Tayyorlash bosqichlari:
1. Sabzavotlarni tayyorlash
Pomidorlarni yaxshilab yuvib, dumchasidan tozalang. Blenderga solib, pyure holatiga kelguncha maydalang. Bulg‘or qalampirlarning urug‘ va dum qismini olib tashlab, tozalab oling. So‘ng 1,5 ga 1,5 sm o‘lchamda to‘g‘rang (xohishga ko‘ra mayda yoki yirikroq ham bo‘lishi mumkin).
2. Pomidor pyuresini qaynatish
Tayyorlangan pomidor pyuresini qozonga soling. Qaynash darajasiga kelguncha qizdiring va 15–20 daqiqa davomida pishiring. Bu bosqichda pomidor suvi biroz quyuqlashadi.
3. Ziravorlar qo‘shish
Qaynayotgan pomidorga tuz, shakar, qora murch donasi va qalampirmunchoqni soling. Aralashtiring va ta’bga ko‘ra moslang.
4. Qalampirni qo‘shish va qaynatish
To‘g‘ralgan bulg‘or qalampirini pomidor aralashmasiga soling. Ustidan o‘simlik yog‘ini quying. Aralashtirib, yana qaynash darajasiga keltiring. 20 daqiqa davomida o‘rtacha olovda qaynatib pishiring. Qalampirlar ezilib ketmasligi kerak, shakli saqlanib qolishi muhim.
5. Sirka qo‘shish va bankani yopish
Qaynash tugashiga yaqin sirkani soling, aralashtiring. Tayyor mahsulotni oldindan sterilizatsiya qilingan bankalarga issiq holida soling. Darhol yopib, bankalarni ag‘darib qo‘ying va ustini adyol bilan yoping. Sovigach salqin va qorong‘i joyga olib qo‘ying.
Muhim eslatmalar
Bankalar va qopqoqlarni 10 daqiqa davomida bug‘da yoki qaynagan suvda sterilizatsiya qiling. Shuningdek, qizil va yaxshi pishgan bulg‘or qalampirlari lazzatliroq lecho uchun eng maqbul hisoblanadi. Sirka esa konservatsiya uchun zarur bo‘lib, bakteriyalarni yo‘q qiladi va mahsulotni uzoq saqlash imkonini beradi.
Qovun murabbosi

Tayyorlash vaqti: 1,5–2 soat;
Miqdor: taxminan 2 litr (2 dona banka)
Saqlash muddati: 9-10 oy (salqin, qorong‘i joyda, to‘g‘ri yopilgan bankada).
Kerakli mahsulotlar
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Shirin qovun | 300 g |
Shakar | 200 g |
Limon (ixtiyoriy) | 1 bo‘lak |
Eslatma: qovun pishgan, suvli va juda shirin bo‘lishi kerak. Limon qo‘shilishi murabboga yengil nordonlik beradi va lazzatini boyitadi.
Tayyorlash bosqichlari:
1. Mevalarni tayyorlash
Qovunni yaxshilab yuvib, yarimtadan bo‘ling. Yumshoq asos qismini (urug‘lar va tolali qismlar) olib tashlang. Po‘chog‘idan ehtiyotkorlik bilan ajratib oling. Qovun bo‘laklarini kichik-kichik qilib to‘g‘rang.
2. Pishirish – 1-usul (bo‘lak holida)
To‘g‘ralgan qovun bo‘laklarini gazni yoqmasdan turib qozonga joylashtiring. Ustidan shakar seping va sharbati chiqishi uchun 1–2 soatga qoldiring. So‘ngra o‘rtacha olovda qaynatishni boshlang. Meva yumshaguncha pishiring (taxminan 40 daqiqa). Suv qo‘shmaslik tavsiya etiladi, chunki qovunning o‘zi juda suvli.
3. Blenderdan o‘tkazish
Murabbo yumshab, sirop biroz qoraygach, uni bir xil massa bo‘lishi uchun blender bilan pyure holatiga keltiring.
4. Yakuniy qaynash
Olingan pyureni yana qozonga solib, 5–10 daqiqa davomida past olovda pishiring. Bu bosqichda agar xohlasangiz, limon sharbati yoki maydalangan limon po‘stlog‘i qo‘shishingiz mumkin.
5. Bankalarga joylashtirish
Bankalarni oldindan yaxshilab yuving, bug‘da yoki qaynoq suvda sterilizatsiya qiling. Qopqoqlarni ham qaynating. Tayyor issiq murabboni steril bankalarga soling, darhol yopib, ag‘darib, o‘rab qo‘ying. Sovigach, salqin va qorong‘i joyda saqlang.
Kerakli tavsiyalar
Sirlangan ya’ni emall qoplamali metalldan yasalgan yoki zanglamaydigan qozonlardan foydalaning. Oksidlovchi metall (alyuminiy, mis) ishlatmang. Qovun bo‘laklarini shakar bilan qoplab bir necha soat qo‘yish — tabiiy sirop hosil qilish uchun muhim.
Faqat sog‘lom va pishgan qovunlardan foydalaning. Nordon yoki pishmagan mevalar murabbo sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Limon yoki apelsin qo‘shish murabboga nafis nordonlik beradi va yaxshi saqlanishiga yordam beradi.
Qovun murabbosi — bu yozning eng shirin estaligi bo‘lishi mumkin. Saqlash oson, tayyorlash soddaligiga qaramay, natijasi har doim shirin hisni beradi.
Achchiq, pomidorli adjika

Tayyorlash vaqti: 3-4 soat
Miqdor: 5 litr
Saqlash muddati: 1 yil (salqin va qorong‘i joyda)
Kerakli mahsulotlar
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Pomidor | 5 kg |
Qizil bulg‘or qalampiri | 5kg |
Achchiq qalampir | 0,5 kg |
Sarimsoq | 100 g |
Tuz | 25 g |
Shakar | 75 g |
9% sirka | 25 ml |
Tayyorlash bosqichlari
1. Sabzavotlarni tayyorlash
Barcha sabzavotlarni yuvib, quriting. Qizil bulg‘or qalampirni urug‘ va ichki qismidan tozalang, uzuniga 5–6 bo‘lakka bo‘ling. Achchiq qalampirni faqat dum qismidan tozalang (urug‘i qoladi). Pomidorni 2–4 bo‘lakka bo‘lib, sopi joyini olib tashlang. Sarimsoqni tozalang.
2. Ezish va aralashtirish
Pomidor, ikkala turdagi qalampir va sarimsoqni go‘sht maydalagichdan o‘tkazing.
Hamma ezilgan massani chuqur qozonga soling. Ustiga tuz va shakarni seping.
3. Qaynatish va sirka qo‘shish
Qozonni o‘rta olovga qo‘ying. Aralashma qaynay boshlaganda, 30 daqiqa davomida asta-sekin aralashtirib pishiring. So‘ngra sirka qo‘shing, yaxshilab aralashtiring va olovdan oling.
4. Bankalarga joylash va yopish
Bankalarni tozalab, iliq suvda chaying. Bug‘da qopqoq ikkalasini 15 daqiqa davomida sterilizatsiya qiling. Qaynab turgan adjikani darhol issiq holda bankalarga soling.
Mahkam yoping, ag‘darib qo‘ying va adyol bilan o‘rab, 24 soat iliq joyda qoldiring.
Eslab qoling
Aralashmani gazga qo‘ygach, aralashtirib turishni unutmang. Agarda aralashma tagiga olsa, keyinchalik bonkalar otib ketishi mumkin. Pomidorni shirin va suvlisini tanlang. Mahsulotlarni yaxshilab tozalang. Sarimsoqni oson tozalash uchun uni 10 daqiqa issiq suvda ushlab turing.
Gilosli kompot

Umumiy tayyorlash vaqti: 2 soat;
Miqdor: 2 litr (8 stakan atrofida);
Saqlash muddati: Sovutgichda 2–3 kun, steril bankada 8 oy.
Masalliqlar ro‘yxati
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Yangi yoki muzlatilgan gilos | 500 g |
Suv | 2 litr |
Shakar | 150–200 g |
Limon kislotasi | 1 yoki 2 choy qoshiq (ixtiyoriy) |
Tayyorlanish bosqichlari
1. Gilosni tayyorlash
Agar siz yangi gilos ishlatayotgan bo‘lsangiz, uni albatta ikki-uch marta yaxshilab yuvib oling. Shundan so‘ng, har bir mevadagi danakni chiqarib tashlang – bu kompotni ichish jarayonini yanada yoqimli qiladi.
Muzlatilgan gilos ishlatiladigan bo‘lsa, uni avval xona haroratida yumshatib, so‘ng tayyorlashga kirishing.
2. Suv va shakarni uyg‘unlashtirish
Ikkinchi bosqichida qozonga 2 litr toza suv quyiladi va olovga qo‘yiladi. Suv qaynay boshlaganidan so‘ng, unga shakar solinadi. Shakarni aralashtirib, to‘liq erimaguncha kuting – bu kompotga xushbo‘y siropga o‘xshash lazzat bag‘ishlaydi.
3. Gilosni qaynatish
Qaynayotgan shakarli suvga ehtiyotkorlik bilan gilosni soling. Olovni pastroq darajaga tushirib, aralashmani taxminan 10–15 daqiqa davomida pishiring. Bu vaqtda gilos o‘zining shirasi va rangini suvga chiqaradi, ichimlik esa tobora boy rang va hidga ega bo‘lib boradi.
4. Limon kislotasi
Agar kompotingizga yengil nordonlik bag‘ishlamoqchi bo‘lsangiz, pishirish oxiriga yaqin, ya’ni so‘nggi 2–3 daqiqada limon kislotasini qo‘shing. Bu qo‘shimcha kompotni nafaqat lazzatli, balki saqlash uchun ham barqarorroq qiladi.
5. Dam berish va sovitish
Qozonni olovdan oling va ustini yopib, ichimlikni kamida 1–2 soat davomida damlab qo‘ying. Bu vaqtda kompotdagi gilos ta’mi to‘liq ochiladi, ichimlik esa yanada boy ta’mga ega bo‘ladi.
Uyda tayyorlangan gilosli kompot – bu oddiy ichimlik emas. Bu bolalikni eslatuvchi, mehmon kutish dasturxonida ko‘zga tashlanadigan yoki yozgi issiqdan charchagan kunda sizni tetiklashtiradigan mo‘jizadir. Uni tayyorlashga ko‘p narsa kerak emas: faqat biroz vaqt, e’tibor va tabiiy masalliqlar.
Sabzili konserva

Tayyorlash vaqti: 1,5 soat
Miqdor: 2 ta banka (2 litr)
Saqlash muddati: 1 yil (salqin va qorong‘i joyda)
Masalliqlar ro‘yxati
Mahsulot | Miqdor |
---|---|
Karam | 500 g |
Pomidor | 700 g |
Sabzi | 150 g |
Qizil bulg‘or qalampiri | 50 g |
Sarimsoq | 40 g |
Ko‘katlar | 40 g |
Shakar | 100 g |
O‘simlik yog‘i | 120 ml |
9% sirka | 80 ml |
Tuz | 30 g |
Tayyorlash bosqichlari
1. Tayyorlov
Barcha masalliqlarni tayyorlab oling: sabzavotlarni yuvib, tozalang.
2. Tomat pyuresini tayyorlash
Pomidorlarni yuvib, qattiq qismidan tozalang. Kattaroq bo‘laklarga kesib, blenderdan o‘tkazing yoki go‘sht maydalagichdan chiqaring.
3. Sabzavotlarni kesish
Sabzini o‘rta qirg‘ichda qirib oling, bulg‘or qalampirni chiziqli qilib to‘g‘rang. Ko‘katlarni mayda qilib kesib, qattiq poyalarini olib tashlang.
4. Asosiy pishirish bosqichi
Pomidor pyuresini qozonga quying. Ichiga sabzi, qalampir, ko‘kat va o‘simlik yog‘ini qo‘shing. Sarimsoqni maydalab aralashtiring. Tuz va shakar soling. Aralashmani 20 daqiqa davomida past olovda qaynatib pishiring.
5. Bankalarni tayyorlash
Bankalarni yaxshilab yuvib, iliq suvda chaying. Bug‘da taxminan 15 daqiqa sterilizatsiya qiling. Qopqoqlarni alohida qaynab turgan suvda 10 daqiqa sterilizatsiya qiling.
6. Karamni qo‘shish
Karamni somoncha shaklida to‘g‘rab, qozonga soling. 10 daqiqa pishiring. Keyin sirka qo‘shing va yana 5 daqiqa pishiring.
7-bosqich: Bankalarga joylash
Issiq salatni steril bankalarga soling. Mahkam yoping va teskarisiga ag‘darib qo‘ying. Issiq adyol bilan o‘rab, 24 soat davomida iliq joyda qoldiring.
Maslahatlar
Pomidor pyuresi tayyorlashda qattiq qismini va po‘stini olib tashlash tavsiya etiladi.
Ko‘katlar ta’mga ko‘proq uyg‘unlik qo‘shadi — yangi ukrop yoki petrushkadan foydalaning.
Salatni qishda go‘shtli taomlar bilan birga iste’mol qilsangiz juda mazali bo‘lad. Tayyor mahsulotni qorong‘i, salqin omborda saqlang.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayollarning konserva tayyorlash usullari haqidagi hayotiy tavsiyalarini yozgandi.
Shuningdek, yozda oziq-ovqat mahsulotlarini qanday saqlash kerakli haqida ham foydali maslahatlarni o‘rtoqlashgandik.