Chevrolet Cobalt avtomobili haqida qiziqarli 5 ta fakt

5-avgust 2025 17:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt
Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: Autos Segredos

Chevrolet Cobalt — O‘zbekiston ko‘chalarida eng ko‘p uchraydigan, ommabop avtomobillardan biridir. Yil boshidan buyon 67,5 ming Cobalt xarid qilingan. Uning dizayni, tejamkorligi va narxi ko‘pchilik uchun ma’qul tanlovga aylangan. Ammo bu mashina haqida ko‘pchilik bilmaydigan qiziqarli faktlar ham bor. Mazkur maqolada Chevrolet Cobalt haqida qiziqarli 5 ta fakt bilan tanishishingiz mumkin.

Birinchi fakt: Braziliyada chizilgan, AQShda nomlangan, O‘zbekistonda yashayotgan mashina

Foto: BlogAuto

Chevrolet Cobalt General Motors tomonidan yaratilgan xalqaro platformali avtomobil. Uning zamonaviy versiyasi ilk bor 2011-yilda Braziliyada namoyish qilingan. Aynan shu yili San-Paulu avtomobil ko‘rgazmasida GM kompaniyasi rivojlanayotgan bozorlar uchun mo‘ljallangan yangi avlod Cobalt modelini tanishtirgan.

Mashinaning dizayni ustida GM Brazil dizayn studiyasi ishlagan. Dizayn jamoasi mashinani maksimal darajada funksional, arzonroq, lekin qulay va oilaviy avtomobil sifatida loyihalashtirgan. U Yevropa va AQShdagi model emas, balki yangi, mustaqil platformada ishlab chiqilgan global avtomobil edi.

Foto: Chevrolet

Ammo Cobalt nomi tarixan AQShda tug‘ilgan. 2004–2010 yillar oralig‘ida Chevrolet Cobalt AQSh bozorida ham mavjud edi. Lekin u sport-sedan ko‘rinishidagi boshqa model bo‘lgan. O‘zbekistonda esa bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan Cobalt — bu aynan Braziliyada yaratilgan dizaynga ega yangi avlod modelidir.

Cobalt 2012-yildan boshlab O‘zbekistonning Asaka shahridagi GM Uzbekistan zavodida (hozirgi UzAuto Motors) yig‘ila boshlandi. Avvaliga eksport uchun mo‘ljallangan bu model tez orada o‘zbek foydalanuvchilari orasida ham mashhurlikka erishdi. Endilikda, u deyarli har bir ko‘chada uchraydigan, xalq mashinasiga aylangan.

Chevrolet Cobalt — uch qit’aning mahsuli.

Ikkinchi fakt: U Chevrolet Aveo’ning emas, Lacetti’ning avlodi

Foto: Chevrolet

Ko‘pchilik Chevrolet Cobalt’ni birinchi ko‘rganidayoq uni avvalgi Chevrolet Aveo bilan adashtirib yuborishi mumkin. Chunki Cobalt, haqiqatan ham, o‘z dizayni va funksional jihatlari bilan bu modelning mantiqiy davomchisi hisoblanadi.

Chevrolet Aveo (ayniqsa T250 platformasidagi versiya) Lotin Amerikasida ancha yillar davomida arzon, ixcham va ishonchli avtomobil sifatida tanilgan edi.

Chevrolet Avio / Rasm ChatGPT yorrdamida sayqallangan

U 2012-yildan boshlab unga o‘xshash dizayn va qulayliklarga ega bo‘lgan Cobalt sahnaga chiqqan. Ayniqsa, uning orqa qismining shakli, optikasi va salon ichki dizaynidagi elementlar ko‘plab foydalanuvchilarni Aveo‘ni eslatib yuboradi.

Biroq, Cobalt — bu oddiy «o‘xshash» emas, u ayni paytda O‘zbekistonda katta mashhurlikka ega bo‘lgan Chevrolet Lacetti (Gentra) modelining ham mantiqiy merosxo‘ri hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida Chevy Aveo O‘zbekistonda sotuvga chiqmagan.

Uchinchi fakt: Cobalt dizaynini kim yaratgani aytilmagan

Foto: Chevrolet

Odatda har bir avtomobil dizayni ustida kim ishlagani ochiq manbalarda qayd etiladi. Chevrolet Cobalt esa bundan mustasno. Uning hozirgi avlodi Braziliyada joylashgan GM Brazil dizayn markazi tomonidan to‘liq ishlab chiqilgan. Bu markaz San-Kaetano-do-Sul shahrida joylashgan bo‘lib, General Motors kompaniyasining Janubiy Amerika uchun avtomobillar yaratishga ixtisoslashgan bo‘limidir.

Cobalt modeli aynan rivojlanayotgan bozorlar uchun mo‘ljallangan arzon, amaliy va oilaviy sedan sifatida loyihalashtirilgan. Uning dizaynida keng salon, katta yukxona va ixcham tashqi ko‘rinishga urg‘u berilgan. Mashina 2011-yilda Braziliyada o‘tkazilgan avtomobil ko‘rgazmasida ilk bor ommaga taqdim etilgan.

Mazkur model Gamma II platformasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu global arxitektura Chevrolet Spark, Aveo va boshqa ixcham avtomobillar bilan umumiylikka ega.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Cobalt dizaynining ortida turgan aniq individual dizayner nomi ommaga e’lon qilinmagan. Model ustida butun GM Brazil jamoasi ishlagan.

To‘rtinchi fakt: elektron datchiklar deyarli ishlatilmagan

Zamonaviy avtomobillarning ko‘pchiligi turli xil sensorlar (datchiklar), kompyuter bloklari va murakkab elektron tizimlar bilan jihozlangan. Albatta, bu texnologiyalar haydovchilarga qulaylik yaratadi. Ammo ularning har biri — navbatdagi nosozlik manbai bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yo‘l sharoitlari og‘ir, xizmat ko‘rsatish markazlari kam va ehtiyot qismlar qimmat bo‘lgan hududlarda bu jiddiy muammoga aylanadi.

Ammo Chevrolet Cobalt bunday holatlardan ancha yiroq. U soddaligi bilan ajralib turadi. Avtomobilning elektron qismlari minimal darajada ishlatilgan. Masalan, unda keraksiz ravishda o‘rnatiladigan yomg‘ir datchigi, yo‘l belgilarini tanib oluvchi kamera, yoki avtopark tizimi yo‘q. Buning o‘rniga, asosiy funksiyalar qo‘lda boshqariladi. Ya’ni, har bir tizim haydovchining bevosita nazorati ostida.

Shu tufayli Cobalt foydalanuvchilari kamroq ustaxonaga boradi, kamroq sarf qiladi. Ayniqsa, uzoq masofali yo‘llar, viloyatlararo safarlar yoki kam xizmat ko‘rsatish punktlariga ega hududlarda yashovchi haydovchilar uchun qulaylikdir.

Beshinchi fakt: o‘z sinfi uchun yirik hajm

Foto: UzAuto Motors

Cobalt o‘z sinfi uchun ancha yirik hajmli sedan sanaladi. Avtomobil uzunligi 4479 mm, eni 1735 mm, balandligi 1514 mm. Uning g‘ildiraklar bazasi 2620 mmga teng. Salonda bosh va oyoq joyi yetarli bo‘lib, ayniqsa orqa o‘rindiqlarda ham kattalar bemalol sig‘adi. Cobalt tor mashina emas. Keng o‘lchamli kuzov uning yukxonasi hajmida ham aks etgan.

Bagaj bo‘limi 545 litr atrofida yuk sig‘dira oladi. Orqa o‘rindiqlar 60/40 nisbatda yotqizilishi natijasida uzun yoki katta yuklarni joylashtirish imkoni mavjud. Cobalt uchun yana bir muhim ko‘rsatkich – klirens (yer tarmog‘i) 155 mmni tashkil qiladi. Yonilg‘i baki hajmi 46 litr. Avtomobil AI-91 va undan yuqori oktanli benzin ishlatishi tavsiya etiladi.

Avvalroq sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek