Yangiliklar

DXX Rossiyadagi migrantlarni «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirdi

Rossiyada ushbu harakat taqiqlangan va uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan
Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyadagi «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirmoqda. Foto: Izvestiya

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Rossiyadagi «A.U.Y.» jinoiy guruhiga oid ogohlantirish bilan chiqdi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab mehnat muhojirlari va yoshlar ushbu guruh ta’siriga tushib qolmoqda.

«A.U.Y.» – asl nomi «Arestanskiy uklad yedin» («Mahbuslar qoidasi yagona») bo‘lib, u Rossiyada shakllangan. Bu jinoiy guruh o‘z mafkurasida «o‘g‘rilar qonunlari»ni targ‘ib qiladi va qamoqxona madaniyatini jamiyat hayotiga singdirishga urinadi. Rossiyada ushbu harakat 2020-yilda ekstremistik tashkilot sifatida rasman taqiqlangan va uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ushbu guruhga aloqadorlik uchun 300 mingdan 600 ming rublgacha ($4 mingdan $7,5 minggacha) jarima, 1 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki majburiy jamoat ishlariga jalb qilish jazosi belgilanadi. Bundan tashqari, ishsizlik, deportatsiya, huquqiy maqomning yo‘qolishi, harakat erkinligining cheklanishi va oila kelajagiga tahdid yuzaga keladi.

Jinoiy guruh o‘z harakatini odatda internet orqali targ‘ib qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar, yopiq guruhlar, chatlar va videoplatformalardan foydalanib, foydalanuvchilarni guruh safiga jalb qilishga urinadi. Xususan, mehnat muhojirlari orasida «bratva», «obshak», «zakon po ponyatiyam» kabi iboralar bilan psixologik ta’sir o‘tkazishga harakat qilinmoqda.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, so‘nggi yillarda bir nechta o‘zbekistonliklar «A.U.Y.» harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligi asosida javobgarlikka tortilgan.

Bundan avval og‘ir jinoyat sodir etgan migrantlarning Rossiyaga kirish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandik.