
Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahrida o‘tkazilayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida bir nechta muhim takliflarni berib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘li qurilishini tezlashtirish
Mirziyoyev O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihani tez fursatda amalga oshirish tarafdori ekanini bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yo‘lak qurilishi Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan integratsiyalashgan holda ishlasa, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi uchun yangi savdo-iqtisodiy makonni yaratadi.
Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitim
Dastlab davlat rahbari BMT shafeligida Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitim ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu mexanizm dengizga chiqish yo‘li yo‘q davlatlarning port va logistika infratuzilmalaridan adolatli foydalanishini ta’minlab, global logistikadagi tengsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasi
Shuningdek, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun global hamkorlik asosida Logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Bu jamg‘armaga xalqaro donorlar, rivojlanish institutlari va global dasturlar jalb qilinadi. Prezident O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari infratuzilmasiga zarur bo‘lgan sarmoya miqdorini yiliga $40 milliardga baholadi.
Zaiflik global indeksini
Shuningdek, prezident Zaiflik global indeksini ishlab chiqishni ham taklif qildi. Ushbu indeks dengizga chiqish yo‘li yo‘q davlatlar imkoniyatlarini xolis baholash, ularga xalqaro moliyaviy yordamni yanada adolatli taqsimlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Innovatsion xab
Mirziyoyev agrotarmoqqa oid innovatsiyalarni jamlovchi Innovatsion xabni O‘zbekistonda tashkil etishni ham ilgari surdi. Bu markaz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq qilish va agrar sohada ilg‘or tajribalarni bo‘lishish uchun platforma bo‘ladi.
Aql markazlari
Prezident davlatlar o‘rtasida tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha «aql markazlari» va yetakchi ekspertlar ishtirokida xalqaro forumlar tashkil etishni taklif etdi. Bu anjumanlar sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, transchegaraviy investitsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan Xalqaro tahlil markazi faoliyatida faol ishtirok etishni ham maqsad qilganini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.