Nokia 3310 4G bilan yangilandi

5-avgust 2025 18:00 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Nokia 3310
Nokia 3310 4G bilan yangilandi / Foto: Taobao

Xitoyda mashhur Nokia 3310 endi 4G bilan ishlashi mumkin. Taobao savdo platformasida 4G tarmog‘ini qo‘llovchi baseband-protsessor o‘rnatilgan maxsus platalar savdoga chiqarildi.

Ushbu texnologik yangilanish Nokia 3310’ni hozirgi kunda ham ishlatish imkonini beradi, ayniqsa 2G yoki 3G tarmoqlari o‘chirilgan hududlarda. Buning uchun foydalanuvchi telefonning ichki platasini almashtirishi kerak bo‘ladi.

Yangilangan plata narxi arzon emas — 345 yuan (taxminan $50). Bu pulga Xitoyda oddiy smartfon xarid qilish mumkin, biroq u Nokia 3310’dagi «o‘lmas» chidamlilik yoki afsonaviy «Snake» o‘yinini taklif eta olmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nokia smartfon bozoriga yangi hamkor bilan qaytmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.

Finlyandiyaning mashhur texnologik brendi Nokia smartfonlar bozoriga yana qaytishni rejalashtirmoqda. Kompaniya hozirda o‘z nomi ostida telefon ishlab chiqarishga tayyor bo‘lgan yirik hamkor izlamoqda.

So‘nggi yillarda Nokia brendi HMD Global kompaniyasi orqali bozorga chiqayotgan edi. HMD ushbu brend nomidan smartfon va tugmachali telefonlar ishlab chiqib, tarqatib keldi. Biroq Android Authority’ning yozishicha, 2026-yilda tugaydigan litsenziya kelishuvi yangilanmasligi mumkin. HMD allaqachon o‘zining yangi brendi ostida qurilmalarni taqdim etishni boshlagan.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, hozirgi yosh avlod orasida Nokia nomi avvalgi yillardagidek mashhurlikka ega emas. Shuning uchun kompaniya smartfon bozoriga jiddiy raqobatbardosh va zamonaviy texnologiyalar bilan qurollangan mahsulot bilan qaytmasa, bu urinish faqat ramziy qadam bo‘lib qolishi mumkin.

Shuningdek