O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari hamkorlik masalalarini muhokama qildi

BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Mirziyoyev Berdimuhamedovni BMT anjumanining yuqori darajada o‘tkazilgani bilan tabriklab, uni Turkmanistonning yuksak mukofoti bilan taqdirlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yilda rejalashtirilgan yuqori darajadagi uchrashuvlar, komissiyalar yig‘ilishlari va madaniy tadbirlarning samarali o‘tishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik.