Qozog‘istonda 17 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan butunlay voz kechdi

eʼlon qilindi
Loyiha doirasida spirtli ichimliklar sotiladigan do‘konlarga ham reydlar o‘tkazilmoqda
Foto: Freepic

Qozog‘istonning Qoʻstanay viloyatidagi 17 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan foydalanmaslikka qaror qildi. Bu haqda nur.kz nashri mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu tashabbus «Madaniy jamiyat» loyihasi doirasida amalga oshirilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan.

Viloyat politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Amanjol Bayzakovga ko‘ra, yil boshidan beri mast holatda sodir etilgan jinoyatlar soni 3,3 foizga kamaygan. Biroq «xavf guruhiga» kiruvchi – jamoat tartibini buzishga moyil shaxslar, oilaviy zo‘ravonlar va surunkali ichkilikbozlar ustidan nazorat davom etmoqda. Sudlar shu yilning o‘zida 2,6 mingta alkogol iste’molini, jumladan, uy sharoitida ham taqiqlovchi qaror chiqargan.

Loyiha doirasida spirtli ichimliklar sotiladigan do‘konlarga ham reydlar o‘tkazilmoqda. Yil boshidan beri 217 ta qonunbuzarlik holati tunda yoki voyaga yetmaganlarga alkogol mahsulotlari sotish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, Ostona yaqinidagi Qosshy va Taytobe aholi punktlarida 10 ta do‘kon o‘z ixtiyori bilan spirtli ichimliklar savdosini to‘xtatdi. Sharqiy Qozog‘iston viloyatida esa bir nafar fuqaroga alkogoldan voz kechish tashabbusi va tartibni saqlashdagi hissasi uchun mukofot topshirildi.

Ma’lumot uchun, «Madaniy jamiyat» loyihasi 2024-yil sentabridan beri amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi – jinoyatchilikning oldini olish, zararli odatlarga qarshi kurashish va sog‘lom madaniy muhitni rivojlantirishdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Milliy tiklanish» partiyasi vakili poytaxtda bo‘lgan pivo festivalini tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek