Samarqand viloyatining uchta tumaniga yangi hokim tayinlandi

Samarqand viloyatining Urgut, Tayloq va Payariq tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Payariq tumani xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Isroil Jabborov boshqa ishga o‘tishi sababli tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.
Uning o‘rniga Shunqor Xudoyberdiyev Payariq tumani hokimi etib tasdiqlandi. U bunga qadar viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Urgut tumaniga Dilmurod Sayidqulov nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. U tayinlovga qadar Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Shuningdek, Tayloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarov o‘z arizasiga ko‘ra, tuman hokimi vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Bexzod Raxmatullayev nomzodi tasdiqlandi. U tayinlovga qadar Samarqand viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bir guruh rahbarlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.