Sea Breeze O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tdi, banklardagi mikroqarzlarning foiz stavkasi oshdi — 5-avgustning muhim yangiliklari

eʼlon qilindi
Kunning muhim yangiliklari batafsil Kursiv Uzbekistan’da
5-avgustning muhim yangiliklari. Foto: Vikipedia

O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan Sea Breeze, 97 so‘mga pasaygan dollar, buzilishi rejalashtirilayotgan Grand Mir Hotel, 230 mlrd so‘mga xususiylashtirilgan Avto Climate Control – Kursiv Uzbekistan 5-avgustda yuz bergan muhim voqealarni bitta materialga jamladi.

Sea Breeze loyihasi O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tdi

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

Kecha, 4-avgust kuni Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga kiritildi. Ustav fondi 400 million so‘m etib belgilangan. Kompaniya ikki teng ulushli sherik – Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi va o‘zbekistonlik biznesmen Ulug‘bek Maxmudov tomonidan tashkil etilgan.

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ish boshlaydi

Toshkentda xalqaro gemmologiya markazi ish boshlaydi. Foto: gem-center

Isroilning GCI Gemological Centers Ltd. kompaniyasi va O‘zbekistondagi «Expert One» MCHJ hamkorligida GCI Gemological Centers Uzbekistan markazini ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Yangi markaz qimmatbaho toshlarni xalqaro standartlar asosida baholash va sertifikatlash, shuningdek, gemmologiya yo‘nalishida ta’lim dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Banklardagi mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi oshdi

YeTTB
Banklardagi mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari. Foto: andrewlobrovyi / www.depositphotos.com

Mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 0,8 foizga oshib, 35,7 foizni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 23,8 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 22,3 foizni ko‘rsatmoqda.

DXX Rossiyadagi migrantlarni «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirdi

Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyadagi «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirmoqda. Foto: Izvestiya

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Rossiyadagi «A.U.Y.» jinoiy guruhiga oid ogohlantirish bilan chiqdi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab mehnat muhojirlari va yoshlar ushbu guruh ta’siriga tushib qolmoqda.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, so‘nggi yillarda bir nechta o‘zbekistonliklar «A.U.Y.» harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligi asosida javobgarlikka tortilgan.

Grand Mir Hotel mehmonxonasi buzilishi rejalashtirilmoqda

Grand Mir Hotel
Foto: Booking.com

Kursiv Uzbekistan muxbir bilan suhbatda bo‘lgan mehmonxona xodimining ta’kidlashicha, buzish ishlarining aniq muddati hozircha noma’lum va bino o‘rnida nima bo‘lishi ham noma’lum.

Podrobno.uz saytining Design Factory arxitektura kompaniyasi vakili Shavkat Abdullayevga tayanib xabar berishicha, bino sentabr oyida buzilishi rejalashtirilgan.

Samarqandda Nurobod texnoparki tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Texnopark Nurobod tumanining Sazag‘on massivida joylashgan 115,3 gektar bo‘sh yer maydonida tashkil etiladi. Bu hudud ilgari «Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga tegishli bo‘lgan.

Tashabbus doirasida $1,1 milliardga teng xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 5 mingdan ortiq yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Sun’iy intellekt tufayli yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan kasblar e’lon qilindi

Yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan 40 ta kasb e’lon qilindi. Foto: marieclaire

Microsoft olib borgan yangi tadqiqotga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) eng ko‘p xavf ostiga qo‘yadigan 40 ta kasb aniqlandi. Mazkur ma’lumotlarni taqdim etish uchun kompaniya yuzlab kasblarni tahlil qilib, ularga SI qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqladi.

AQSh dollari 97 so‘mga pasaydi

Valyuta kurslari
Fotо: Nedret Binici / Unsplash

Bugun, 5-avgust kuni dollar kursi 96,4 so‘mga pasayib, 12 524,89 so‘mni qayd etdi. Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 140,29 so‘mga pasayib, 14 456,23 so‘mni, rubl esa 1,90 so‘mga pasayib, 156,54 so‘mni tashkil qildi.

Mirziyoyev BMT shafeligida Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitim ishlab chiqishni taklif etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahrida o‘tkazilayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida bir nechta muhim takliflarni berib o‘tdi

Avto Climate Control 230 mlrd so‘mga xususiylashtirildi

Foto: digitalinstitute

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Avto Climate Control» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini 230 milliard so‘m evaziga xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Savdoda eng yuqori taklifni bildirgan Best Pipe and Parts kompaniyasi xaridor sifatida tanlab olindi. Savdo jarayonida to‘rtta investor ishtirok etdi, yakunda Best Pipe and Parts eng yuqori — 230 mlrd so‘mlik taklifi bilan g‘olib deb topildi.

Bundan oldin Kursiv Uzbekistan 4-avgustning eng muhim yangiliklarini e’lon qilgandi.

Shuningdek