
Avtomobil xarid qilish – mas’uliyatli jarayon. Shunchaki pul to‘lab mashina olish yetarli emas. Uni qonuniy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish ham muhim bosqich hisoblanadi. Kursiv Uzbekistan nashri avtomobilni rasmiylashtirish to‘lovlari va harakatlarni bosqichma-bosqich o‘rgatadi.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:
- Nimalarga e’tibor berish kerak
- BHM qancha?
- Ishlatilgan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari
- Yangi benzin avtomobilini rasmiylashtirish xarajatlari
- Yangi elektromobilni rasmiylashtirish xarajatlari
- Ishonchnoma narxlari qanday
Birinchi bosqich

Siz yangi mashina olyapsizmi yoki ishlatilganini – bu katta farq qiladi. Ishlatilgan mashinani sotib olayotganda notarius orqali shartnoma rasmiylashtirish majburiy. Bu yerda sizdan davlat bojlari, gerb yig‘imi, huquqiy maslahat va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar olinadi.
Ikkinchi bosqich
Mashinani Transport nazorati inspeksiyasi (TNI)da ro‘yxatdan o‘tkazish lozim. Avtomobilingizni rasmiylashtirishda texpasport, raqamlar va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun alohida to‘lovlar mavjud. Esda tuting: ishlatilgan mashinada raqamni almashtirish ham majburiy bo‘lib qolgan.
Uchinchi bosqich

Mashina qanday sotib olingani bilan qiziqing. Ayni davrda avtoulovlar kredit, lizing, nasiya kabi turlarga qarab xarid qilingan bo‘lishi mumkin. Kreditga olingan avtomobil uchun notarial to‘lovlar miqdori yuqoriroq bo‘ladi. Chunki bunday holatda davlat boji 10% ko‘tariladi.
To‘rtinchi bosqich
Aksariyat hollarda mashina egalari zaxiradagi haydovchini shakllantirish uchun yaqin qarindoshlari yoki tanishlariga ishonchnoma rasmiylashtirishi mumkin. Bunday ishonchnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lsangiz, bu arzonroq turadi. Boshqa odamlarga esa to‘lov ko‘proq bo‘ladi. Har qanday ishonchnoma uchun ham gerb yig‘imi va xizmat to‘lovlari bor.
Beshinchi bosqich

To‘lovlarni qanday amalga oshirish mumkin? Albatta, bunday to‘lovlarni elektron xizmatlar orqali amalga oshirish qulayroq. Chunki kassasida ko‘proq komissiya olinishi mumkin.
Avtomobilni rasmiylashtirishda to‘lov masalasiga e’tiborli bo‘lish katta ahamiyatga ega. Barcha to‘lovlar BHM, ya’ni bazaviy hisoblash miqdori asosida hisoblanadi. 2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, BHM 412 000 so‘mni tashkil qiladi. TNIdagi to‘lovlar esa qat’iy belgilangan va odatda bank ilovalari orqali orqali amalga oshirilganda, komissiyasiz yoki arzonroq bo‘ladi.
Narxlar

Ishlatilgan avtomobilni rasmiylashtirish (benzin) – TNIdagi xarajatlar
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Ro‘yxatdan o‘tkazish | 2 818 080 |
Texpasport | 288 400 |
Yangi raqamlar | 1 442 000 |
Jami TNI to‘lovi | 4 548 480 |
Notariusdagi xarajatlar
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Notarial to‘lov (3 BHM) | 1 236 000 |
Gerb yig‘imi (10% BHM) | 41 200 |
Tekshirish (15% BHM) | 61 800 |
Konsultatsiya (5% BHM) | 20 600 |
Shartnoma tayyorlash (10% BHM) | 41 200 |
Jami notarius to‘lovi | 1 400 800 |
Eski avtomobilni jami rasmiylashtirish narxi 5, 9 mln so‘mni tashkil etadi.
Yangi avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari:
TNIdagi xarajatlar (benzin):
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Ro‘yxatdan o‘tkazish | 2 818 080 |
Texpasport | 288 400 |
Raqamlar | 1 442 000 |
Jami | 4 548 480 |
TNIdagi xarajatlar elektromobil uchun:
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Ro‘yxatdan o‘tkazish | 618 000 |
Texpasport | 288 400 |
Raqamlar | 1 442 000 |
Jami | 2 348 400 |
Notarius to‘lovlari
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Asosiy to‘lov (3 BHM) | 1 236 000 |
Gerb yig‘imi (10%) | 41 200 |
Tekshiruv (15%) | 61 800 |
Konsultatsiya (5%) | 20 600 |
Shartnoma tayyorlash (10%) | 41 200 |
Jami | 1 400 800 |
Ishonchnoma narxlari:
Ishonchnoma berishda esa kimga rasmiylashtirilayotganiga qarab to‘lov miqdori farq qiladi. Yaqin qarindoshlarga berilgan ishonchnomalar ancha arzon, boshqa shaxslarga esa qimmatroq tushadi.
Ishonchnoma turi | Asosiy to‘lov (so‘m) |
---|---|
Qarindosh (boshqaruv huquqi bilan) | 206 000 |
Boshqa shaxs (boshqaruv huquqi bilan) | 824 000 |
Qarindosh (faqat sotish huquqi) | 103 000 |
Boshqa shaxs (faqat sotish huquqi) | 206 000 |
Xarajat turi | Miqdori (so‘m) |
---|---|
Gerb yig‘imi (10%) | 41 200 |
Tekshiruv (15%) | 61 800 |
Konsultatsiya (5%) | 20 600 |
Shartnoma tayyorlash | 41 200 |
Shuningdek, transport vositalari bilan bog‘liq xizmatlari narxlari quyidagicha:
Xizmat turi | BHM (miqdori) | Narxi (so‘m) |
---|---|---|
Avtomobil raqamlari | 3,5 BHM | 1 442 000 |
Texpasport | 0,7 BHM | 288 400 |
Tranzit raqamlari | 0,25 BHM | 103 000 |
Yaroqsiz raqamlar o‘rniga yangisi (1 juft) | 1 BHM | 412 000 |
Yaroqsiz raqam (1 dona) | 0,5 BHM | 206 000 |
Hisob-faktura | 0,1 BHM | 41 200 |
Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish | 6,84 BHM | 2 818 080 |
Texpasport dublikati | 1 BHM | 412 000 |
Texnik ko‘rik (avto) | 0,1 BHM | 41 200 |
Texnik ko‘rik (moto) | 0,05 BHM | 20 600 |
Eng muhimi, mashinani olgan kundan boshlab 10 kun ichida rasmiylashtirishni unutmaslik kerak. Aks holda jarima solinishi mumkin.
Shunday ekan, mashina xarid qilganingizda faqat narxini emas, uni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi xarajatlarni ham hisobga oling. Bu sizga ortiqcha muammo va vaqt yo‘qotmaslikda yordam beradi.
Avvalroq Chevrolet Onix avtomobilining texnik xususiyatlari, afzallik va kamchiliklari, xizmat xarajatlari haqida batafsil ma’lumot bergan edik.