Tesla Ilon Maskka 30 milliard dollarlik mukofot paketi ajratadi

eʼlon qilindi
Yakuniy qaror 6-noyabr kuni Tesla’ning yillik yig‘ilishida qabul qilinadi
Tesla Maskga 30 milliard dollar mukofot berdi. Foto: Bloomberg

Tesla kompaniyasi kuzatuv kengashi Ilon Maskka 96 million aksiyadan iborat yangi mukofot paketini tasdiqladi. Paketning umumiy qiymati hozirgi bozor narxlariga ko‘ra $30 milliardga yaqin. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Ushbu mukofot Mask kompaniyani kamida yana ikki yil boshqargan taqdirda amalga oshiriladi. Shuningdek, Mask aksiyalarni qo‘lga kiritganidan so‘ng ularni besh yil davomida sotmaslik majburiyatini oladi. Tesla bu qarorni kompaniya asoschisi va rahbarining asosiy loyihalarga diqqatini saqlash sifatida baholagan.

Tesla rahbariyati Maskning kompaniyada qolishini muhim deb hisoblamoqda. U kompaniyada sun’iy intellekt, avtomatik boshqaruv tizimlari va boshqa ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha asosiy ishlarni olib bormoqda. Kompensatsiya paketining asosiy maqsadi ham aynan shu — Maskni kompaniya rahbari sifatida ushlab qolish.

Bu qaror 2018-yilda tasdiqlangan va keyinchalik $56 milliardga yetgan mukofot rejasiga bog‘liq sud jarayonlari fonida qabul qilinmoqda. Delaver sudi mazkur rejaning rahbarlar o‘rtasidagi odatiy kompensatsiya rejasidan ancha yuqori ekanini tan olib, uni bekor qilgan edi. Agar sud oldingi mukofotni qayta tiklasa, Mask yangi paketdan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

Tesla kompaniyasi ikkala mukofotni birgalikda amalga oshirish istisno ekanini bildirgan. Yangi kompensatsiya paketiga doir yakuniy qaror 6-noyabr kuni Tesla’ning yillik aksiyadorlar yig‘ilishida qabul qilinadi.

Nashr xabariga ko‘ra, bu qaror Tesla aksiyalaridagi beqarorlikni kamaytirishi mumkin. 4-avgust kuni bozor ochilishidan oldin kompaniya aksiyalari 3 foizga ko‘tarildi. Savdo yakuniga kelib, o‘sish 0,35 foizni tashkil etib, aksiyalar $303,7 narxda sotildi. Shunga qaramay, 2025-yil boshidan beri Tesla aksiyalari umumiy hisobda 25 foizga arzonlashgan.

Bundan avval Amerika nashrlari Ilon Mask siyosatga qaytishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mask avvalroq AQSh prezidenti Donald Trampning Davlat samaradorligi departamenti (DOGE)da faoliyat yuritgan va kelgusida yana shunday mansablardan birini egallashi mumkin.




Shuningdek