Uzum Tencent va VR Capital’dan $70 mln jalb qildi, kompaniyaning bahosi $1,5 mlrdga yetdi

eʼlon qilindi
Uzum Xitoyning IT-giganti Tencent’ning O‘zbekistondagi kompaniyasiga kiritgan birinchi texnologik sarmoyasi bo‘ldi
Foto: Uzum

Uzum, O‘zbekistonning yetakchi raqamli ekotizimi, 2024-yil mart oyida yakunlangan birinchi raundning yetakchi investori FinSight Ventures ishtirokida Xitoyning Tencent IT giganti va VR Capital xalqaro investitsiya fondidan qariyb 70 million dollar jalb qildi.

Uzum Xitoyning IT-giganti Tencent’ning O‘zbekistondagi kompaniyasiga kiritgan birinchi texnologik sarmoyasi bo‘ldi. Uzum mablag‘larni jalb qilgandan so‘ng yakuniy bahosi taxminan 1,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Uzum allaqachon mamlakatning raqamli iqtisodiyotida asosiy o‘rinni egallab kelmoqda, bugungi kunda ekotizim xizmatlaridan har oyda O‘zbekistonning 17 millionga yaqin aholisi foydalanadi. 3 yildan kamroq vaqt ichida kompaniya mamlakatning eng yirik soliq to‘lovchilaridan biriga aylandi. Ekotizim nafaqat butun mamlakat bo‘ylab 12 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratdi, balki O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesning o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda — Uzum bilan birgalikda butun mamlakat bo‘ylab 40 mingdan ortiq tadbirkor o‘z biznesini rivojlantirmoqda.

Jalb etilgan mablag‘lar ekotizimning o‘z fintech infratuzilmasini rivojlantirish, mahsulot liniyasini kengaytirish, raqamli e-commerce yechimlarini rivojlantirish va mamlakatning onlayn savdo va fintech bozorida Uzum yetakchiligini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

— Uzum — bu sinovdan o‘tgan biznes modeli va rivojlanayotgan bozordagi peshqadamning afzalliklarini o‘zida mujassam etgan noyob uyg‘unlikdir. Biz jamoa salohiyatini va kompaniya erishgan sezilarli yutuqlarni yuqori baholaymiz. Investitsiyalar orqali Uzum ekotizimining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shish biz uchun katta sharafdir, — deydi VR Capital asoschisi va prezidenti Richard Deys.

— Biz Uzumni Markaziy Osiyodagi fintech va elektron tijorat sohasidagi eng yorqin o‘sish tarixlaridan biri deb hisoblaymiz. O‘tgan yili o‘tkazgan dastlabki investitsiya raundimizdan beri kompaniya ajoyib natijalarga erishdi: foydalanuvchilar bazasini jadal kengaytirdi, yangi mahsulotlarni ishga tushirdi. Turli biznes yo‘nalishlari o‘rtasidagi sinergiya nafaqat unit-iqtisodiyotni yaxshiladi, balki mijozlarning qoniqishi va sodiqligini oshirdi — bu NPS va LTV o‘sishida o‘z aksini topdi. Bunday dinamikani biz butun dunyo bo‘ylab boshqa ilg‘or super-ilovalarda kuzatdik va bu Uzum’ning O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotidagi yetakchilik mavqeini mustahkamlaydi, — deydi FinSight Ventures boshqaruvchi hamkori Aleksey Garyunov. — Biz mavjud Uzum platformasi negizida ham foydalanuvchilar, ham biznes uchun yangi xizmatlarni ishga tushirish uchun ulkan salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Aynan shu sababli biz ushbu investitsiya raundida qo‘llab-quvvatlashimizni yanada kuchaytirganimizdan mamnunmiz va Uzumga o‘sish yo‘lida hamrohlik qilishni davom ettiramiz.

— Atigi ikki yil ichida biz O‘zbekistonning eng yirik raqamli ekotizimini barpo etdik. Biz xaridlar va to‘lovlardan tortib shaxsiy moliyani boshqarishgacha bo‘lgan foydalanuvchi tajribasini o‘zgartiramiz. Ushbu investitsiyalar bizga yangi moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilashga yordam beradi. Bizning fintex yo‘nalishimiz faol rivojlanmoqda — Uzum Bank kartalaridan allaqachon respublikaning 2 milliondan ortiq aholisi foydalanmoqda. Uzum Market buyurtma topshirish punktlarining keng geografiyasi va assortimenti bilan O‘zbekistondagi eng yirik onlayn-marketpleys bo‘lib qolmoqda. Uzum Tezkor yetkazib berish servisi 25 ta shaharda taqdim etilgan. Birinchi yarim yillikda Uzum elektron tijoratining butun segmenti aylanmasi yiliga 1,5 baravar oshdi, — dedi Uzum asoschisi va bosh direktori Djasur Djumayev. — Biz nafaqat qulay raqamli servislarni millionlab odamlar uchun ochiq qilmoqdamiz, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantirmoqdamiz. Bizning ekotizimimiz rivojlanishi bevosita tadbirkorlarning o‘sishiga yordam beradi, ularga yangi imkoniyatlar ochadi va foydalanuvchilarga kundalik vazifalar uchun qulay va foydali yechimlarni taqdim etadi.

Uzum — jismoniy shaxslar va kichik va o‘rta biznes uchun fintech, e-commerce va bank servislarini birlashtirgan O‘zbekiston raqamli ekotizimi: marketpleys, tezkor yetkazib berish servisi, klassik va raqamli banklar, BNPL-servisi, avtomobil sotib olish platformasi, shuningdek, tadbirkorlar uchun ilova. Uzum servislaridan har oyda O‘zbekistonning 17 milliondan ortiq aholisi foydalanadi.

Tencent Holdings Ltd. — bosh ofisi Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan dunyodagi eng yirik texnologik va investitsiya konglomeratlaridan biri. Kompaniya dunyodagi eng yirik investitsiya portfellaridan birini boshqaradi — 800 dan ortiq kompaniyalar, jumladan Epic Games, Riot Games, Spotify, Tesla, Nubank, Pinduoduo, Meituan, Reddit va boshqalar. Tencent moliyaviy texnologiyalar, elektron tijorat, raqamli kontent va bulutli xizmatlarga, ayniqsa tez rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyotga ega mamlakatlarga faol sarmoya kiritmoqda.

VR Capital — bu 8 milliard dollardan ortiq aktivlari bilan boshqariladigan xalqaro investitsiya fondi. 1999-yildan beri kompaniya rivojlanayotgan bozorlarga sarmoya kiritishga urg‘u berib, institutsional investorlarning tashqi kapitalini boshqarmoqda. VR Capital’ning asosiy ofislari Nyu-York va Londonda joylashgan.

FinSight Ventures — FinTech, B2B SaaS, elektron tijorat kompaniyalari va texnologik bozorning boshqa segmentlariga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan venchur fondi. FinSight Ventures turli bosqichlarda ((«seed»dan boshlab «post»gacha) investitsiya kiritib, texnologik kompaniyalarning butun shakllanish jarayonini qamrab oladi. FinSight AQSH va Hindiston bozorlariga e’tibor qaratadi, shuningdek, rivojlanayotgan bozorlarda «superapp» sarmoya tikish tamoyiliga global miqyosda sarmoya kiritadi. Bugungi kunda FinSight 500 million dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi va 2004-yilda tashkil etilganidan beri investorlarga 600 million dollardan ortiq kapitalni qaytardi. Fondning eng yirik bitimlaridan biri 2019-yilda Blackstone tomonidan sotib olingan Bumble kompaniyasiga sarmoya kiritish bo‘lib, kompaniyaning bahosi $3b ni tashkil etdi. Finsight VC kompaniyaning yagona moliyaviy investori bo‘lib, uni dastlabki bosqichdan boshlab qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek