
BYD kompaniyasi Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga mo‘ljallangan yangi BYD Denza B8 gibrid SUV modelini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Taqdimot 1-avgust kuni Xitoyning Jengzhou shahridagi zavodda o‘tkazildi.
Denza B8 — bu to‘liq o‘lchamli, uch qatorli yo‘ltanlamas avtomobil. U Xitoyda FCB Bao 8 yoki Leopard 8 nomi bilan sotiladi. B8 modeli xorijiy bozorlarda Denza brendi ostida taqdim etiladi. BYD bu orqali Denza model qatorini kengaytirishni maqsad qilgan.
Kompaniyaning Xitoydagi yuqori toifadagi brendlari — Denza, Fang Cheng Bao (FCB) va Yangwang. Ammo xalqaro bozorlar uchun BYD FCB modellarini Denza nomi ostida chiqarmoqda. Masalan, FCB Bao 5 Avstraliyaga Denza B5 sifatida olib kirilgan edi.

Denza B8 birinchi marta xalqaro sahnada aynan shu tadbirda namoyish etildi. U kuchli bamperlar, keng g‘ildirak arkasi, yuqori kapot va qora panjarali old dizayn bilan ajralib turadi. Eshik tutqichlari korpusga yondoshtirilgan. Orqa eshik yon tomonga ochiladi, va unga zaxira g‘ildirak biriktirilgan.
Avtomobil tomida LiDAR sensori, old bamperda tuman chiroqlari va LED chiziqli blok faralar mavjud. Denza B8 2025-yilning uchinchi choragida Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga chiqishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Yangwang U8L sotuvga chiqqani haqida yozgan edi. Narx 1,3 mln yuan yoki taxminan $181 ming deb belgilangan.