
General Motors kompaniyasining to‘liq elektr yuk mashinasi — Chevrolet Silverado bir martalik zaryad bilan 1705 kilometr yo‘l bosib, elektromobillar uchun dunyo rekordini o‘rnatdi. Bu haqda IT Home nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sinov yetti kun davom etib, AQShning Milford va Detroyt yo‘llarida o‘tkazildi.
2026-yilgi ishchi versiya bazaviy holatda 793 km masofa bosishi kerak edi, biroq muhandislar tomonidan og‘irlikni kamaytirish va aerodinamikani yaxshilash choralari bilan bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga oshirildi.
Shunga qaramay, General Motors ushbu natijani Guinness rekordi sifatida rasmiylashtirishni rejalashtirmayapti. Kompaniya bu tajribani muhandislarning «shijoatli loyihasi» deb atadi.
Hozirgi Guinness rekordi esa Lucid kompaniyasining Air Grand Touring modeliga tegishli bo‘lib, u 1206 km masofani bosib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Cobalt avtomobiliga oid qiziqarli 5 ta fakt haqida yozgan edik.