
Hyundai kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobili — Hyundai EO elektromobilini Xitoy bozorida 2025-yil sentabr oyida sotuvga chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
EO — ilgari Elexio nomi bilan tanilgan model bo‘lib, Hyundai va BAIC qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kompaniya keyingi uch yil ichida yana 5 ta elektromobil taqdim etishni rejalashtirgan.

EO ning uzunligi 4 615 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 750 mm. Avtomobil oldi yoki to‘liq yurituvda bo‘ladi. Oldi yurituvli versiyada 160 kVt, to‘liq yurituvda esa jami 233 kVt (312 ot kuchi) quvvat mavjud. Har ikkala versiyaning maksimal tezligi 185 km/soat.
Batareya BYD kompaniyasiga qarashli FinDreams tomonidan taqdim etiladi. LFP tipidagi batareya CLTC standartiga ko‘ra 700 km masofa bosadi.

EO modeliga Haomo.ai tomonidan ishlab chiqilgan L2+ darajadagi avtomatik boshqaruv tizimi o‘rnatiladi.
Hozircha Beijing Hyundai elektromobillarni sotmaydi. EO modeli kompaniya uchun yangi davrni boshlab beradi. Mutaxassislar bu model narxi 150 ming yuandan ($20 ming) oshmasligini taxmin qilmoqda, ammo bu segmentda raqobat juda kuchli.

Ma’lumot o‘rnida, Hyundai Janubiy Koreyaning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, 1967-yilda tashkil etilgan. Kompaniya dunyo bo‘ylab millionlab avtomobillar ishlab chiqaradi va eksport qiladi. Uning bosh ofisi Seul shahrida joylashgan. Hyundai o‘zining sifatli, ishonchli va zamonaviy dizayndagi avtomobillari bilan tanilgan. Brend nafaqat benzinli va dizel dvigatelli modellari, balki gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishda ham faol rivojlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangilangan Hyundai Palisade avtomobili qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.