
Maqluba – Yaqin Sharq oshxonalarining mashhur taomlaridan biri. U asosan Iordaniya, Falastin, Suriya va Turkiya oshxonalarida keng tarqalgan. Bugungi kunda ushbu taom o‘zbekistonliklar tomonidan ham sevib tanovul qilinadi.
Odatda, qovurilgan sabzavotlar (kartoshka, baqlajon), go‘sht va guruch qatlamlab pishiriladi va so‘ngra idish teskari ag‘dariladi. Natijada vizual jihatdan chiroyli va mazali taom hosil bo‘ladi. Kursiv Uzbekistan ushbu taomning pishirilish jarayoni bilan tanishtiradi.
Kerakli masalliqlar (4-5 kishilik)
Masalliq nomi | Miqdori |
---|---|
Guruch (uzun donli) | 350 gramm |
Go‘sht (mol/tovuq) | 500 gramm |
Kartoshka | 2 dona (300 g) |
Baqlajon | 2 dona (250 g) |
Sabzi (ixtiyoriy) | 1 dona (100 g) |
Piyoz | 1 dona (100 g) |
Sarimsoq | 3 bo‘lak |
Pomidor | 2 dona (150 g) |
Qaynatilgan suv | 600 ml |
O‘simlik yog‘i | 100 ml |
Tuz | 1 choy qoshiq |
Zira | 1 choy qoshiq |
Qora murch | 0.5 choy qoshiq |
Dolchin (ixtiyoriy) | 0.5 choy qoshiq |
Go‘sht – maqlubaning yuragi
Dastlab go‘shtni tozalab, katta bo‘laklarga bo‘ling. Qozonda ozroq yog‘da qizartirib oling, ustidan piyoz va sarimsoq va ta’bga ko‘ra tuz qo‘shing. 10 daqiqa qovurgandan so‘ng, suv quying va 20 – 30 daqiqa qaynatib oling (yarim tayyor holatgacha).
Sabzavotlarni qovurish – mazaning asosi
Kartoshka, sabzi va baqlajonni dumaloq qilib to‘g‘rang. So‘ngra har birini alohida yog‘da tillarang tusga kirgunga qadar qovuring. Qog‘oz salfetka ustiga olib, ortiqcha yog‘ini shimdiring.
Guruch – qatlamni bog‘laydigan ko‘prik
Guruchni sovuq suvda 2-3 marta yuving, 15-20 daqiqa tuzli suvda iviting, so‘ng suzib oling.
Qatlamlab qozonga solish bosqichi
Katta, pastki qismi qalin qozon yoki kastryulkani tanlang. Dastlab qozonning tagiga dumaloq shaklda to‘g‘ralgan piyoz, go‘sht, qovurilgan kartoshka, baqlajon, sabzi, pomidorni joylashtiring. Eng ustiga guruchni teng taqsimlang. Ziravorlarni ta’bga ko‘ra (tuz, murch, zira, dolchin) seping. Oxirida qaynatilgan issiq suvni ehtiyotkorlik bilan quying (guruch ustini biroz yopadigan darajada).
So‘ng qozonni qopqog‘ini yopib, past olovda 30–40 daqiqa davomida dimlab pishiring.
Suv bug‘lanib ketgach, o‘choqni o‘chiring, 10 daqiqa qoldiring.
Teskari ag‘darish – oxirgi bosqich
Qozon og‘zini katta likopcha bilan yoping. Ehtiyotlik bilan qozonni teskari aylantiring – sabzavotlar tepada, guruch pastda qoladi. Ag‘darilgandan keyin shakli buzilmasligi uchun 2-3 daqiqa kuting, so‘ng likopchani ustidan qozonni olishingiz mumkin.
Qanday tortish kerak
Maqlubani ag‘darilgandan keyingi katta laganda tortish mumkin. Bu uni dasturxon ustida chiroyli shaklda ko‘rsatadi. Ustidan mayda to‘g‘ralgan ko‘katlar (ukrop, kinza, yalpiz) sepish mumkin.
Yoniga ta’bga ko‘ra boshqa qo‘shimchalar (sous, qatiq yoki boshqa) bilan berish tavsiya qilinadi. Choy yoki ayran bilan iste’mol qilish eng maqul variantlardan biri.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan uy sharoitida Go‘sht Say qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.